“Anorbank” Instagram'dagi reklama ortidan jarimaga tortildi
3-sahifa
−
09 iyul 5743 2 daqiqa
“Anor Bank” AJ reklama qonunchiligini buzgani uchun moliyaviy jarimaga tortildi hamda qonunbuzilishni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida “Anorbank” tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axboroti o‘rganildi. Xususan, mazkur murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan axborotlarda aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmaganligiga e’tiroz bildirilgan.
Qayd etilishicha, o‘rganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning muhim shartlaridan biri – aksiyaning amal qilish shartlari, unga qo‘llanilgan limit hamda limitdan oshgan hollarda komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlangan.
Bildirilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “Anorbank”ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Uzum bank, Agrobank, Ipoteka-bank va mikromoliya tashkilotlari bir qancha qonunbuzilish holatlari sabab jarimaga tortilgan edi.
Live
Barchasi