Endi banklardan pasportsiz 500 dollargacha pul olish mumkin

Jamiyat

image

Endilikda banklardan 500 AQSH dollarigacha naqd valyutani pasport yoki ID-kartasiz sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining joriy yil 8 may kuni qabul qilingan 12/0473-sonli qarorida qayd etilgan.

Mazkur huquqiy hujjatga muvofiq, tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qoidalarga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra,jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) talab etiladigan 100 AQSH dollari limiti 500 AQSH dollarigacha oshirildi. Bu qoida qaror qabul qilinganidan keyin uch oy o‘tib, 2026 yil 9 avgustdan boshlab amal qilishi belgilangan.

Ya’ni, endilikda mijozlar bankdan 500 AQSH dollarigacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatlarsiz olishlari mumkin bo‘ladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, 100 AQSH dollargacha bo‘lgan summada bu ko‘rinishdagi tasdiqlov talab qilinmas edi. 

Qoidalarga boshqa bir qator o‘zgartirishlar ham kiritilgan. Jumladan, hujjatga ko‘ra, jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tartibi yangilanib, endi shaxsni tasdiqlovchi hujjatning elektron shakli yoki raqamli identifikatsiyadan foydalanish imkoniyati ham belgilandi. Ya’ni, endi shaxs biometrik pasport, ID-karta yoki ularning elektron shakli (YAIDXP yoki “Ijtimoiy karta” orqali) asosida tekshiriladi. 

Shu bilan birga, hujjatda ichki va xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha jo‘natuvchi hamda qabul qiluvchi haqidagi ma’lumotlarni to‘liq taqdim etish, bank kartalari orqali amalga oshiriladigan ayrim operatsiyalarni kuzatish va yirik miqdordagi mablag‘ harakatlari ustidan nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.

Qoidalarga shubhali operatsiyalarning yangi belgilari ham qo‘shildi. Xususan, 

  • 16 yoshga to‘lmagan shaxslar hisobvaraqlari orqali katta hajmdagi operatsiyalar; 
  • kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlar bilan amalga oshiriladigan yirik pul o‘tkazmalari;
  • bank kartalari va elektron hamyonlar o‘rtasidagi katta mablag‘ aylanmalari shubhali operatsiya sifatida baholanishi mumkin.

Bundan tashqari, banklar shubhali operatsiyalar aniqlangan taqdirda mablag‘lar manbasi, operatsiya ishtirokchilari, benefitsiar mulkdor va operatsiyaning haqiqiy maqsadini qamrab oluvchi kompleks tahlil o‘tkazishi hamda uning natijalari bo‘yicha vakolatli davlat organiga qo‘shimcha axborot taqdim etishi shart qilib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq huddi shu mazmundagi loyiha Markaziy bank tomonidan taklif etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing