O‘zbekiston banklarida kredit foizlari oshgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
27 fevral
281332024 yilning yanvar oyida O‘zbekistondagi davlat va tijorat banklarida uzoq muddatli kreditlarning foizi yuqorilab, o‘rtacha hisobda 24,5 foizga yetgan (Imtiyozli kredit va mikroqarz hisobga olinmagan holda). Bu haqda Markaziy bank ma’lumot berdi.
Taqdim etilgan hisobotda ko‘rish mumkinki, joriy yilda kreditning o‘rtacha foizi 2023 yilning mos davriga nisbatan 1,8 foizga oshgan. Jismoniy shaxslar uchun ajratilayotgan kredit o‘rtacha 25,1 foizni, yuridik shaxslar uchun 22,9 foizni tashkil etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistondagi banklarda kreditning eng yuqori stavkasi 49 foiz, eng kam stavkasi esa, 14 foizni (imtiyozli) tashkil etmoqda.
2023 yilning iyul oyida e’lon qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yetti yil ichida kredit foizlarini 10-12 foizgacha tushirish ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, Prezident joriy yilning yanvar oyida banklardagi kredit stavkalarini 2-3 foizga tushirish kerakligini ta’kidladi:
“Banklar resurs yo‘qligi sabab kredit foizi yuqori, deyishga o‘rganib olgan. Vaholanki, muammoli kreditlarni undirishning o‘zidan 25 trln so‘mlik kreditga resurs topsa bo‘ladi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
So‘nggi o‘n yil ichida kreditning o‘rtacha foizi quyidagicha o‘zgargan:
- 2014 yilda 16,2 foiz;
- 2015 yilda 14,2 foiz;
- 2016 yilda 14,1 foiz;
- 2017 yilda 15,0 foiz;
- 2018 yilda 19,9 foiz;
- 2019 yilda 24,8 foiz;
- 2020 yilda 20,6 foiz;
- 2021 yilda 21,3 foiz;
- 2022 yilda 22,4 foiz.
- 2023 yilda 22,9 foiz.
Kredit foizi yuqorilashiga mamlakatdagi inflyatsiya va yana bir qancha omillar ta’sir qilgan. O‘zbekistonda inflyatsiya darajasi 2018-2019 yillarda ancha yuqorilab ketgan edi. 2024 yilda Markaziy bank milliy valyutaning biroz barqarorlashishiga erishdi:
- 2014 yil – 9,1 foiz;
- 2015 yil – 8,5 foiz;
- 2016 yil – 8,8 foiz;
- 2017 yil – 13,9 foiz;
- 2018 yil – 17,8 foiz;
- 2019 yil – 17.5 foiz;
- 2020 yil – 14.5 foiz;
- 2021 yil – 12.8 foiz;
- 2022 yil – 10.8 foiz;
- 2023 yil – 11.4 foiz;
- 2024 yil yanvar holatiga ko‘ra, 8,6 foiz
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank 2024 yil uchun asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 2023 yildagi kabi 14 foiz etib belgiladi. Bank tashkilotlarida kredit va depozit foizlari asosiy stavkadan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shuningdek, ma’lumot o‘rnida, 2024 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra, banklar taklif etayotgan depozit foizlari o‘tgan yilning yanvar oyiga nisbatan 0,9 foizga ko‘tarilib, o‘rtacha 19,8 foiz bo‘lib turibdi.
Mohinur Mamatova
LiveBarchasi