Marhumning farzandlari ichki ishlar kasbiga nafrat bilan ulg‘ayadi – Deputat Andijon voqeasi haqida

Jamiyat 5516
image

Andijon shahar IIBdagi qiynoqlar sabab shifoxonada vafot etgan A.Abdukarimov fojiasini 2005 yildagi “Andijon voqealari”ga tenglashtirgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Ag‘zamova vafot etgan fuqaroning farzandlari Ichki ishlar xodimlariga nisbatan nafrat bilan ulg‘ayishiga sha’ma qildi. Bu haqda u “Yuksalish” umummilliy harakatida o‘tgan jamoatchilik muloqotida gapirgan. 

“Bir narsa meni o‘ylantiryapti: ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanib, vafot etgan fuqaroning farzandlari yetim qoldi. Endi uning bevasi farzandlariga ichki ishlar kasbiga nisbatan iliq tuyg‘uni uyg‘ota olmaydi, soha xodimlariga salbiy munosabatini o‘zgartirishi qiyin kechadi”, deydi deputat.

Andijon shahar IIO FMB 4-sonli IIB JQB tezkor vakili E.Rayimjonov, hamkasblari F.Husanboyev va Q.Qodirovlar bilan birga fuqaro A.Sotvoldiyevning “Rubin” nomli qimmatbaho toshini olib qaytarib bermayotgan A.Abdukarimov (marhum)ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab 2020 yil 17 aprel kuni yozgan arizasi yuzasidan o‘zboshimchalik bilan tekshiruv olib borgan. 30 may kuni A.Abdukarimov shifoxonaga yotqizilgan, 11 iyun kuni vafot etgan.

Holat bo‘yicha quyidagi choralar ko‘rilgan: 

•    E.Rayimjonov, F.Husanboyev va Q.Qodirovlarga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi, 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan;

•    Andijon shahar IIO FMB 4-son IIB boshlig‘i podpolkovnik P.N.Mamajonov va 4-son IIB navbatchilik qismi navbatchisi kapitan A.A.Turaqulov ichki ishlar organlari safidan bo‘shatilgan;

•    Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmonov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan;

19 nafar xodim turli intizomiy jazo olgan.

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Langar qishlog‘ida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan fuqaro Yu.Abdirahmonov 22.01.2020 yil soat 19:00 larda Chiroqchi tumani IIO FMB ma’muriy binosiga olib kelingan va soat 23:30 larda binoning 3-qavatida joylashgan Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili kapitan B.Ochilovning xizmat xonasida vafot etgan.

Gulruh Ag‘zamova ichki ishlar organlaridagi yuqoridagi kabi holatlarga munosabat bildirishda davom etarkan, aslida bu tanqidiy qarashlar 2017 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan qarorda ham o‘z ifodasini topganini, ammo qaror ijrosi ta’minlanmayotganini qo‘shimcha qiladi. 

“Boshimizga biror tashvish tushsa, ichki ishlar xodimlaridan qonuniy himoya kutamiz. Lekin oxirgi vaqtlarda ularga ishonch qay darajada? 2017 yildagi Prezident farmonida ushbu tizim qoniqarsiz baholangan, 10 dan ortiq tanqidiy munosabat hamda faoliyatini yaxshilashga doir takliflar bildirilgan, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” har bir xodimning asosiy xizmat burchi ekani qayd etilgan edi. Tizimning hozirgi holati, ichki muammolari bartaraf etilmasa, fuqarolarimizni kelajakda nimalar kutyapti? Ishonch yo‘qolgan paytda odamlarda qo‘rquv kuchaymaydimi?”, deydi Ag‘zamova. 

Deputatning qayd etishicha, Qonunchilik palatasida bu jihatlarga e’tiborni kuchaytirish, tegishli normativ hujjatlar ishlab chiqish vaqti keldi.

Eslatib o‘tamiz, deputat bundan bir necha kun avvalgi chiqishida shundan degandi:

“2005 yildagi Andijon voqeasi meni qanchalik larzaga solib yig‘latgan bo‘lsa, kuni kecha yana shu hududda sodir bo‘lgan xunrezlik meni nafratlantirdi. Birinchisida Vatanni asrashga otlangan xalq, bugun o‘z farzandi o‘limiga sababchi bo‘lib turibdi.

2005 yildagi Andijon voqeasi sababchilarini “Vatan xoinlari” deb atadik. Kechagi holatda yoshgina ayolini tul qoldirib, 3 ta norasidani yetim qilganlarni kim yoki nima deb ataymiz?! Pandemiyada davrida shifokorlardan keyin qahramonlikka da’vogarlar shular emasmidi?!”

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 130
Reyting: 3.1
t
×