“Andijon voqeasi”: Fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lgan IIB boshlig‘i qamoqqa olindi

Jamiyat

image

Andijon viloyatida qimmatbaho tosh o‘g‘riligida gumonlanib, 29 may kuni soat 22:00 larda IIBga olib kelingan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov oradan ikki haftaga yaqin vaqt o‘tgach, shifoxonada vafot etgandi.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning 3 nafar xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

Joriy yilning 27 iyun kuni ushbu jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olingan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Xalqaro press-klubning 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida ma’lum qildi.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234, 235 hamda 227-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan ayb e’lon qilingan.

“Shu bilan birga, 4-sonli IIB navbatchilik qismi navbatchi katta inspektoriga ham Jinoyat kodeksining 227-moddasi bilan ayb e’lon qilinib, unga munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha ravishda axborot beriladi”, deya Hayot Shamsutdinov.

Holatga munosabat bildirgan IIV Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov egallab turgan lavozimlaridan ozod etilganini ma’lum qilgandi.

Qayd etish kerakki, yuz bergan dahshatli voqea O‘zbekiston siyosiy elitasi va inson huquqlari faollarining nigohini yana bir tergovdagi qiynoqlar masalasiga qaratdi. Hatto, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Andijon va Chiroqchida IIB binosidan o‘lik chiqqaniga to‘xtalib, mas’ullarni qattiq tanqid qildi.

“Biz so‘nggi uch yarim yilda qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlarni amalga oshirdik. Lekin, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo‘lgan fojiali holatlar tizim rahbarlarini uyg‘otishi, aniq xulosalar qilishga chorlashi kerak.

Ushbu fojia oqibatida 2 nafar inson hayotdan erta ko‘z yumdi. Ularning oilalari bu huquq-tartibot idoralari rahbarlaridan emas, davlatdan norozi”, dedi Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq Andijon voqeasi

Baholaganlar

444

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing