“Andijon voqeasi”: Fuqaroni o‘lasi qilib kaltaklagan ichki ishlar xodimlari ochiq sud qilinadimi?

Jamiyat

image

Andijon shahrida fuqaroni qiynoqqa solib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari ustidan sud ochiq shaklda o‘tkaziladi va unda OAV vakillari ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda bugun, 1 iyul kuni Oliy sud raisining Matbuot kotibi Aziz Abidov Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida aytib o‘tdi.

“Ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari yakunlanib, mazkur jinoyat ishi sudning ish yurituviga kelib tushgach, Jinoyat-protsessual qonunchiligi talablari hamda ochilik va shaffoflik tamoyillari asosida ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi.

Ushbu ish bo‘yicha ochiq sud jarayoni o‘tkazilib, sud majlislarida matbuot, OAV hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ularga sud jarayonini to‘liq va oshkora yoritishga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi”, dedi Aziz Abidov.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyatida qimmatbaho tosh o‘g‘riligida gumonlanib, 29 may kuni soat 22:00 larda IIBga olib kelingan va shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov oradan ikki haftaga yaqin vaqt o‘tgach, shifoxonada vafot etgandi.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, shu kuni Andijon shahar IIO FMB 4-son IIBning 3 nafar xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

Joriy yilning 27 iyun kuni ushbu jinoyatga aloqador deb topilgan yana ikki kishi — 4-sonli IIB boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonov hamda mazkur bo‘lim jinoyat-qidiruv guruhining yana bir tezkor vakili ham qamoqqa olingan.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234, 235 hamda 227-moddalari (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan ayb e’lon qilingan.

Hozirda jami 5 kishiga nisbatan tergov harakatlari olib borilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq Andijon voqeasi

Baholaganlar

674

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing