“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun Prezident Administratsiyasida o‘rganib chiqilmoqda – Norboyeva
Jamiyat
−
27 yanvar
8762Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Senat tomonidan ma’qullangan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun Prezident Administratsiyasida o‘rganib chiqilayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u Londonga safari davomida BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Albatta bu qonun qabul qilinadi. Prezident Administratsiyasidagi ekspertlar guruhi bu qonunni o‘rganib chiqish bosqichida, deb bilaman. Bu ancha vaqt talab qiladi, chunki ular O‘zbekistondagi bugungi kundagi tendensiyalarni, qonunchilarning bergan xulosalari va xalqaro doiralarda bu boradagi holatni tahlil qilgan holda o‘zlarining fikrlarini shakllantirishadi. Prezidentimizning oldilarida esa ikkita yo‘l bor – bu qonunni yo qabul qiladilar yoki qaytarib yuboradilar. Biz buni hozir kutib turibmiz”, deydi Norboyeva.
Qayd etish joizki, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” gi qonun loyihasi 2022 yilning oktyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan. 2023 yilning 1 iyun kuni qonunni Senat ham ma’qullagan va imzolash uchun davlat rahbariga yuborgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga ko‘ra, Qonun Senat tomonidan ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.
Prezident Qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Norboyevaning gapiga qaraganda Senat tomonidan ma’qullanib, imzolash uchun Prezident Administratsiyasiga yuborilganiga 7 oy bo‘layotgan qonun hali ham o‘rganish jarayonida qolmoqda.
LiveBarchasi