7 oydan beri qabul qilinmayotgan qonun. Burxonov qarindosh-urug‘chilikni yo‘q qilmoqchi
Tahlil
−
20 yanvar
22338Bir necha oydan buyon Oliy Majlis Senatining yalpi majlislarida ishtirok etmayapmiz. Sababi oddiy – majlisga faqat telekanallar taklif etilayotgani urg‘ulanib, internet nashrlarining onlayn yoritishi va kerakli suratlar, ma’lumotlarni o‘zlari berishlari aytilyapti. Jurnalist bo‘lsak ham Senat binosiga shart kirib ketish oson ish emas. Borganingiz bilan ro‘yxatda bor-yo‘qligingizga qarab kiritishadi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Majlisda ishtirok etish uchun ro‘yxat beramiz desak, onlayn yoritish tavsiya etildi. Endi senatdagilar tomonidan qarasak, sayt jurnalistlari majlisga borganida senatorlarning muhokamasi bilan cheklanilmaydi. vazirliklardan kelganlardan tortib, senatorlar, kerak bo‘lsa Senat raisini ko‘rib qolib, savol-javob qilishga tushib ketadi. Ha endi javob beriladigan, berilmaydigan savollar bor. Mayli, anglaganingizdek, bugun Oliy Majlis Senatining qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mavzulardan birini ofisimizdan turib yoritamiz.
Yalpi majlisda bir nechta masalalar muhokama qilindi. Shulardan biri O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov ma’ruzadagi muhim masalalar hamda qilingan ishlarga to‘xtaldi.
Burxonovga ko‘ra, mamlakatda korrupsiya bilan har qancha kurashilmasin, bugungi kunda korrupsiya asosiy muammoligicha qolyapti. Uning aytishicha, aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilgan. Afsuski odamlarimiz hali ham O‘zbekistonni korrupsiyadan holi mamlakat deb hisoblamaydi.
“Aholi orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 45,8 foiz respondent O‘zbekistonni korrupsiya va poraxo‘rlik yuqori bo‘lgan davlat deb hisoblaydi. Qatnashchilarning 24 foizi poraxo‘rlik hamma yerda mavjud deb o‘ylasa, 53,7 foizi ayrim sohalarda korrupsiya mavjud, degan fikrda qolmoqda”, deydi agentlik rahbari.
Akmal Burxonov o‘zidagi ma’lumotlarni berganidan so‘ng, korrupsiya masalasida muhokamalar boshlanib ketdi. Senator Mahmudjon Parpiyev agentlik rahbariga qarata manfaatlar to‘qnashuvi haqida dadil savol berar ekan shunday deydi:
Manfaatlar to‘qnashuvi doimiy korrupsiya bilan yonma-yon yuribdi. Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi, Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunlarga egamiz. Lekin masala dolzarb. Afsuski manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlar hali ham mavjud. Bu borada choralar ko‘rilyaptimi?
Burxonov senatorning savoliga javob berar ekan korrupsiyani keltirib chiqarayotgan eng katta omil manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh-urug‘larning bir idorada ishlashi ekanini aytdi.
“Afsuski davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi saqlanib qolmoqda. Bu masalada doimiy monitoringlar olib boriladi. Bugungi kunda bir nechta yo‘nalishda manfaatlar to‘qnashuvi saqlanib qolmoqda.
Birinchisi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi” qonunga ko‘ra, davlat xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan. Agentlik tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijasiga ko‘ra, davlat xizmatchilari tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan 1625 nafar mansabdorlar u yoki bu tadbirkorlik sub’ektida rahbar yoki ta’sischi ekani aniqlandi. Yuqoridagi holatlar bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilib, taqdimnomalar kiritish orqali ularga yoki davlat xizmatchisi bo‘lish yo tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlarini tushuntirdik. Shundan kelib chiqib mansabdorlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi holatlariga chek qo‘yishga erishildi. Shu bilan birgalikda ayrim davlat xizmatchilari tadbirkorlik orqali davlat xaridlarida ishtirok etgani aniqlandi. Bular bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlab huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib, 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atish chorasi ko‘rildi.
Ikkinchi masala, ayrim hollarda davlat idoralari va tashkilotlari rahbarlari qarindosh urug‘chilikka yo‘l qo‘yib, o‘z qarindoshlarini o‘z nazorati ostidagi lavozimlarda ishlab kelishiga yo‘l qo‘yish holatlari ham aniqlanyapti. Bu masalada ham tegishli taqdimnomalar kiritib, ishdan bo‘shash choralarini ko‘ryapmiz.
Uchinchi masala, davlat xaridlarida ham muammolar bor. Ayrim davlat xaridlari ham sun’iy shaklda amalga oshirilayotgani aniqlangan. O‘rganilganda bitta IP adresdan davlat xaridlarida ishtirok etgan 100 holatlar aniqlandi. Bunday vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ham choralar ko‘rilmoqda”, deydi Burxonov.
Akmal Burxonov qarindosh-urug‘chilik haqida gapirar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan davlat xizmatiga qabul qilinganlarning ma’lumotlari yagona axborot tizimiga kiritilishi kerakligi bo‘yicha topshiriq berilganini qo‘shimcha qildi.
Unga ko‘ra, kadrlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar yagona axborot tizimi orqali yuritiladi. Bir odam ishga qabul qilinayotganda uning ma’lumotlari bazaga kiritiladi va qarindosh urug‘chilik, nepotizmga yo‘l qo‘yilmagan holda, inson omilisiz barcha ishlar amalga oshiriladi. Burxonovga ko‘ra, shunday sistemada ishlash aynan Davlat rahbari tomonidan topshirilgan.
Burxonovning gapini eshitib, mavzuni to‘liq tushuntirib berganini aytgan Senat Raisi Norboyeva bu ishlar nafaqat gapda, balki amalda ham amalga oshirilishi kerakligini qistirib ketdi.
Bir narsani aniq aytish kerakki, korrupsiyani yo‘q qilish, qarindosh-urug‘chilikka yo‘l qo‘ymaslik haqida gapiryapmiz-u Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2022 yilning 25 oktyabr kuni qabul qilinib, Senatga yuborilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun yodimizdan chiqib qolyapti. Aslida gap bilan emas, hujjat bilan kurashish samaraliroq bo‘lardi. Deputatlar qo‘lidan o‘tgan qonun 2023 yilning 1 iyun kuni Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan va Davlat rahbariga imzolash uchun yuborilgan. Butun boshli mamlakatda korrupsiyaning asosiy sababi deb ko‘rsatilayotgan qarindosh-urug‘chilikka chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan muhim qonun hali imzolanmadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasiga ko‘ra, Qonun Senat tomonidan ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi.
Prezident Qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun Prezidentga yuborilganiga 7 oy bo‘ldi. Uni Davlat rahbari imzolagani yoki Senatga qaytargani haqida lol-mim deyilmadi.
Umuman olganda, hozirgacha qabul qilinishi cho‘zilayotgan qonun faqat bu emas. Prezident Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi. Ha deganda endi kattalarning mol-mulki xatlovdan o‘tkaziladi. Nafaqat o‘zi, balki qarindoshlari ham boyib ketolmaydi, deyishdi.
Biroq, haligacha bu qonundan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining QALAMPIR.UZ'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Agar loyiha kiritilgan bo‘lsa, oradan mana ikki yarim yil vaqt o‘tib ketdi. Afsuski hozirgacha bu qonunning daragi chiqqani yo‘q. Ha mayli, Senat majlislariga qaytsak.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mamlakatda o‘ziga xos muhitni yarata olganini aytishdan gap boshlagan Senator Farmon Toshev bu ishlarning o‘zi yetarli emasligini aytdi. Shuningdek, senator shunday deydi:
"Agentlik mamlakatda yaratgan muhit bizga yetarli emas. Jamiyat inqirozi ikki narsaga bog‘liq: Birinchisi, hamma bilishi kerak bo‘lgan narsani yashirish, ikkinchisi, hamma bilishi shart bo‘lmagan narsani oshkor qilish. Meni bir savol qiynayapti. Ma’ruzada “korrupsiyaga qarshi kurashish o‘rniga uni oldini olish siyosatiga o‘tdik”, deyildi. Men bunga qo‘shilaman. Bu yo‘lga siz bilan men o‘tdik, jamiyat o‘ta olgani yo‘q.
Korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlarning jazosini kuchaytirmasak, jazosini oshkor qilmasak, qabul qilgan qonunlarimiz qayerga ketyapti?", deydi u.
“Bu yo‘nalishda oxirgi 3-4 yil ichida katta ishlar amalga oshirilyapti. Oqibatlari bilan emas, sabablari bilan kurashish boshlanganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Jazolash degan fikringizga qo‘shilmayman. To‘g‘ri jazo muqarrar ekani muhim. Biz jazogacha yetib bormasdan, jinoyatni amalga oshirmaslik choralarini ko‘rish ustida ishlayapmiz. Jinoyatni ochiqlash, sharmanda qilish va boshqalar bilan. Ayrim vaziyatlarda javobgarlik choralarini tutishga majbur bo‘lyapmiz”, deydi Akmal Burxonov.
LiveBarchasi