Malaka oshirish markazlari professor-o‘qituvchilariga ustamalar to‘lanadi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Farmonga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

•    rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ishdan ajragan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘qish umumiy davomiyligini 144 soat etib belgilash;

•    rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida professor-o‘qituvchilarning sonidan kelib chiqib belgilanadigan, kamida 3 ta shtat birligidan iborat ta’lim texnologiyalari kafedralarini tashkil etish;

•    rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida samarali dars berayotgan professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislar faoliyati tahlilidan kelib chiqib, ularga bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha oylik ustamalar belgilash, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun soatbay ish haqi to‘lash shartlari bilan jalb etilgan malakali professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislarni soatbay haq to‘lash miqdorining 20 foizigacha ko‘paytirilgan holda moddiy rag‘batlantirish;

•    pensiya yoshidagi, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar hamda nogironligi bo‘lgan rahbar va pedagog kadrlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qishini masofaviy shaklda tashkil etish;

•    rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarining qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatish asosida ishlab topgan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ushbu markazlar xodimlari lavozim maoshlariga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra 200 foizgacha ustama haq to‘lash;

•    oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy va tarmoq markazlari tuzilmasiga xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis lavozimini kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdori va shartlarini mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlashi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

maosh farmon malaka

Baholaganlar

10

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing