Prezident “Odil sudlov – 2030” strategiyasi bo‘yicha farmonni imzoladi
Jamiyat
−
20:42 891 10 daqiqa
Bugun, 14 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Qayd etilishicha, farmon Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish hamda sud protsessiga zamonaviy huquqiy mexanizm va institutlarni joriy qilish orqali xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan odil sudlovga oid strategik maqsadlarni izchil amalga oshirish maqsadida imzolangan.
I. Ustuvor yo‘nalishlar
1. Sud tizimini isloh qilish quyidagi ustunlar asosida amalga oshirilishi belgilangan:
- “xalqchil sud” – sudlar faoliyatining shaffofligi, sud jarayonlari va sud faoliyatiga oid axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali sud tizimining ochiqligini ta’minlash va jamiyatda sudga bo‘lgan mutlaq ishonchni qaror toptirish, sudlarni byurokratiyadan butunlay xoli tizimga aylantirish;
- “adolat qo‘rg‘oni” – inson huquqlari ustuvorligini so‘zsiz ta’minlaydigan, har qanday ta’sir va aralashuvlardan xoli, mustaqil odil sudlov tizimini mustahkamlash;
- “kafolatlangan adolat” – qonuniy, adolatli va asoslantirilgan sud qarorlarini qabul qilish, ularning sifati va barqarorligini ta’minlash orqali fuqarolarning buzilgan huquqlarini sudda tiklash kafolatlarini kuchaytirish;
- “adolat posbonlari” – xalq xizmatida bo‘lgan, yuksak ma’naviy va professional fazilatlarga ega, adolat mezonlariga qat’iy rioya qiluvchi sudyalar korpusini shakllantirish;
- “raqamli odil sudlov” – sud ish yurituvini to‘liq raqamlashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchiliklarsiz, qulay va tezkor sud muhokamasi imkoniyatini yaratish;
- “xalqaro e’tirof” – inson huquqlari sohasidagi ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga implementatsiya qilish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish.
II. Strategiyani tasdiqlash va uni amalga oshirish
2. Quyidagilar:
- “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
- “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasini 2026–2028 yillarda amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
- “Odil sudlov – 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi doirasida erishiladigan asosiy maqsadlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.
III. Odil sudlovga erishish imkoniyatlari va quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislik darajasini yanada oshirish
3. Sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqishning xolisligi va samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2027 yil 1 iyuldan boshlab jami 319 ta boshqaruv xodimlari shtat birligidan iborat umumyurisdiksiya va ma’muriy sud yo‘nalishlarida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan, yurisdiksiya hududi bir nechta ma’muriy-hududiy birliklarni qamrab oladigan hududlararo sudlar tashkil etiladi. Bunda:
- 227 ta boshqaruv xodimlari shtat birliklari sudlarning amaldagi shtat birliklari doirasida shakllantiriladi;
- qo‘shimcha 92 ta boshqaruv xodimlari shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 iyundagi PF–105-son Farmoniga muvofiq 2026 yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qisqartirilgan shtat birliklari hisobidan ajratiladi.
4. Oliy sud 2026 yil yakuniga qadar belgilangan tartibda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalarini kiritadi:
- hududlararo sudlarga viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni taftish tartibida, mazkur sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolatini beradi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlarining ishlarni taftish instansiyasida ko‘rish vakolatini hamda o‘zlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolatini tugatadi;
- hududlararo sudlarda taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudda qayta ko‘rish tartibini belgilash.
5. Oliy sud Bosh prokuratura hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini o‘z vaqtida tiklash maqsadida 2027 yil 1 aprelga qadar ilg‘or xorijiy tajriba va huquqni qo‘llash amaliyoti tahlilidan kelib chiqqan holda Oliy sudda qayta ko‘riladigan ishlar mezonlarini belgilash yuzasidan asoslantirilgan takliflar kiritadi.
6. Oliy sudning fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholiga sud himoyasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 2027–2030 yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarini sud tizimining mavjud shtat birliklari doirasida tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullaydi.
Bunda aholi soni, sudga kelib tushayotgan ishlar hajmi va dinamikasi, sudyalarning ish yuklamasi, hududiy xususiyatlar hamda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlari inobatga olinadi.
7. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarini bosqichma-bosqich tashkil etib, ularning tuzilmasini tasdiqlaydi.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Oliy sud bilan kelishilgan holda mazkur Farmonga muvofiq tashkil etilayotgan hududlararo sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarini joylashtirish choralarini ko‘rib boradi.
IV. Jinoyat protsessining sudga qadar ish yuritish bosqichida sud nazoratini kuchaytirish
9. Oliy sud va Bosh prokuraturaning 2027 yil 1 iyuldan boshlab “asosli gumon” (Prima Facie) xalqaro standartiga muvofiq tergov sudyasiga tegishli protsessual majburlov choralarini qo‘llash (sanksiya berish) to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi va asosliligi, gumon qilish yoki ayblov e’lon qilish uchun asoslar yetarliligini, shubha tug‘ilgan taqdirda, tergov sirini ta’minlagan holda qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yo‘li bilan tekshirish vakolatlarini berish haqidagi taklifi ma’qullanadi.
10. Quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan qonun loyihalari uch oy muddatda kiritiladi:
- (a) Oliy sud tomonidan Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda – mazkur Farmon 9-bandida nazarda tutilgan vakolatlarni tergov sudyalariga berish;
- (b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tomonidan Oliy sud, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda – “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini bevosita cheklash bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazishga sanksiya sudlar tomonidan berilishini belgilash.
11. Quyidagilar:
- (a) Adliya vazirligi Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2027 yil 1 aprelga qadar yangi tahrirdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks loyihasini ishlab chiqish doirasida ilg‘or xorijiy tajriba asosida ayrim ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish vakolatlarini ma’muriy organlarga o‘tkazish;
- (b) Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027 yil 1 iyunga qadar tergov sudyalarining amaldagi ish yuklamasi va yangi berilayotgan vakolatlardan kelib chiqib, ularning shtat birliklarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritadi.
V. Yagona sud amaliyotini shakllantirish hamda sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligini oshirish
12. Odil sudlov sifatini yaxshilash va mamlakatda qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha yagona sud amaliyotiga erishish maqsadida Oliy sud:
- (a) 2027 yil 1 avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini belgilangan tartibda ochiq e’lon qilish va yangilab borish amaliyotini (“Pretsedentlar” reyestri) joriy etadi;
- (b) yagona sud amaliyotini shakllantirish jarayoniga ilmiy doiralar, malakali mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etish maqsadida jamoatchilik asosidagi ekspertlar kengashlarini tashkil etish choralarini ko‘rib boradi;
- (v) uch oy muddatda ekspertlar kengashlarini tashkil etish tartibini belgilanadi.
13. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027 yil 1 martga qadar sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatida shaffoflikni oshirish, ularning faoliyatiga oid axborotni qonunga muvofiq erkin olishni ta’minlash maqsadida sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasini kiritadi.
14. Oliy sudning sudlarga murojaat qilgan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy standartlar asosida qulayliklar yaratish, sudlar faoliyatida byurokratiyani kamaytirish va ochiqlikni ta’minlash maqsadida sud binolarining kirish qismida 2030 yilga qadar bosqichma-bosqich “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
15. Belgilansinki, sudlarning “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari tomonidan aholiga zarur axborotlarni bir joyning o‘zida taqdim etish, protsessual murojaatlar yuzasidan tashkiliy yordam ko‘rsatish, murojaatlarni tezkor qabul qilish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko‘maklashish choralari ko‘riladi.
16. Oliy sud Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2027 yil yakuniga qadar sudlarga murojaat qilishda qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish maqsadida Oliy sudning interaktiv xizmatlar portalini (my.sud.uz) quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirish choralarini ko‘radi:
- (a) portalning yangilangan mobil ilovasini ishga tushirish;
- (b) portalda “Sudga murojaat namunalari” interaktiv xizmatini takomillashtirish. Bunda da’vo arizalari va boshqa hujjatlarni tayyorlash orqali sudga murojaat qilishni osonlashtirish;
- (v) jismoniy va yuridik shaxslar so‘roviga ko‘ra sud hujjatlarini interaktiv tarzda izlash imkoniyatini kengaytirish.
VI. “Sudning faol ishtiroki” tamoyilini qo‘llash doirasini kengaytirish orqali sudga murojaat qilishda qulayliklar yaratish
17. Iqtisodiy nizolarni tezkor va adolatli hal etish, tadbirkorlik sub’ektlari va investorlarning vaqti hamda xarajatlarini tejash maqsadida 2028 yil 1 yanvardan boshlab sudyaga ishlarni ko‘rish jarayonida juz’iy (formal) kamchiliklar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish majburiyatini yuklashni nazarda tutuvchi “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” (Proactive Case Management) standarti joriy etiladi.
18. Oliy sudning “yagona darcha” tamoyili asosida da’vo arizasini (arizani) qaytarish institutini isloh qilish orqali sudga murojaat qilishni soddalashtirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma’qullanadi:
- (a) fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritishda arizani qaytarishning “ish mazkur sudning sudloviga tegishli bo‘lmasligi” asosini bekor qilish va arizani shu sudning o‘zi tomonidan tegishliligi bo‘yicha boshqa sudga o‘tkazish;
- (b) juz’iy (formal) talablarga rioya etmasdan berilgan da’vo arizasini (arizani) qabul qilgan holda kamchiliklarni sudning faol ko‘magi yordamida bartaraf etish tartibini joriy etiladi.
VII. Sudyalarni odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalardan ozod etish
19. Oliy sud va Sudyalar oliy kengashining 2028 yil 1 yanvardan boshlab xalqaro standartlar asosida sudyalar mustaqilligini ta’minlash va ularni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan vazifalardan ozod etish maqsadida quyidagi takliflari ma’qullanadi:
- (a) sud ma’murchiligi (Court Administration) institutini joriy etish;
- (b) sudyalar faoliyatini tashkiliy, moddiy-texnik, moliyaviy va axborot-tahlil jihatidan ta’minlash hamda raqamlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, sud apparati xodimlari bilan ishlash uchun mas’ul bo‘lgan sud ma’muriyatini tashkil etish;
- (v) sudlarda boshqaruv lavozimlarini maqbullashtirish va ortiqcha bo‘g‘inlarni qisqartirish.
20. Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi:
- (a) 2027 yil 1 aprelga qadar mazkur Farmonning 18-bandida nazarda tutilgan takliflarni;
- (b) 2027 yil noyabrga qadar sud ma’murchiligi bo‘yicha ilg‘or xorijiy amaliyotni joylarga chiqqan holda o‘rganish asosida mazkur Farmonning 19-bandida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritadi.
VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
21. Oliy sud va Oliy Majlis palatalarining sud amaliyotini umumlashtirish asosida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi tizimli muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni har yili tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
22. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2027 yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish natijalari asosida odil sudlov sifatini baholash indikatorlari tizimini ishlab chiqish va har yili O‘zbekistonda odil sudlov sifati indeksini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritadi.
23. Oliy sud Sudyalar oliy kengashi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi va boshqa idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmon mazmun-mohiyatini keng yoritib borish bo‘yicha mediarejani tasdiqlab, uning samarali amalga oshirilishini ta’minlaydi.
24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib Oliy sud raisi R.A. Maxmudova va Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilanadi.
26. Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklanadi.
Live
Barchasi