Deputat haqmi yo vazir? “Yuksalish” maktablarni ochish masalasida qonunda nima deyilganini eslatdi

Jamiyat

image

Ayni vaqtlarda jamoatchilik va ijtimoiy tarmoqlarda maktablarni ochish kerakmi, bunga kim haqliroq ekani yuzasidan muhokamalar davom etyapti. Shunday munozaralardan birida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev o‘rtasida yuz berdi.

Deputat maktablarni ochish Mahalliy xalq deputatlari kengashlari vakolati ekanini aytib, vazirni mas’uliyatdan qochishda aybladi. O‘z navbatida Shermatov maktablarni ochish vakolati Mahalliy kengashlarga u tomonidan emas, Prezident tomonidan berilganini aytib, javob qaytardi.

Vaziyatni kuzatib turgan “Yuksalish” umummilliy harakati maktablarni ochish vakolati kimla tegishli ekani haqida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlarni aytib o‘tdi.

Birinchidan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, viloyat, tuman va shahar hokimi vakolatlari sifatida fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va salomatligini muhofaza etish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ko‘rish, tabiiy ofatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda hollarda tegishli ishlarni tashkil etish belgilangan.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlari aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va amalga oshiradi. Ya’ni viloyat (tuman, shahar) ma’muriyati rahbarlari hududlarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni, aholining salomatligiga xavf solmaydigan sharoitni, shu jumladan bolalarning maktabda ta’lim olishini ta’minlashga mas’ul.

Ikkinchidan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, tegishincha sog‘liqni saqlashni boshqarish hududiy organlari, tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining asosiy vakolatlariga kiradi. 

“Binobarin, saylovchilar manfaatlarini himoya qiluvchi mahalliy Kengash deputatlari sessiyalarda sog‘liqni saqlash viloyat boshqarmasi rahbarining hududdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, maktablardagi ta’lim jarayonida xavfsiz sharoitlar bilan ta’minlash sohasida mavjud imkoniyatlar va muammolar haqidagi hisobotini eshitishga haqli. Eshituv natijalariga ko‘ra deputatlar maktablarni ochishga ruxsat berish kerak yoki kerak emasligi bo‘yicha qaror qabul qila oladi”, deyiladi harakat izohida.

Uchinchidan, 2017 yil 8 sentyabrdagi Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq, respublika davlat boshqaruvi organlari vakolatlarini mahalliy davlat hokimiyati organlariga, viloyatdan tuman (shahar) davlat hokimiyati organlariga o‘tkazishni nazarda tutgan holda, davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining, ayniqsa, xalq deputatlari Kengashlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari hududiy bo‘linmalari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha roli va mas’uliyatini oshirish ko‘zda tutilgan.

“Ta’kidlash kerak, joylarda haqiqiy holatni o‘rganish uchun Xalq ta’limi vaziri boshchiligida vazirlikning maxsus shtabi ham tashkil qilingan. Shtab a’zolari ayni paytda hududlarni kezib chiqmoqda. Biroq ularga respublikamiz xaritasidagi har bir nuqtani qamrab olish uchun imkoniyat va vaqt qanchalik yetarli? Koronavirus pandemiyasidek favqulodda vaziyatda hududlarda mavjud holat va tafsilotlarni hisobga olib joyida qaror qabul qilish muhimdir va ushbu holatlarda deputatlar yetakchi rol o‘ynashi mumkin. Bunda, albatta, jamoatchilik bilan maslahatlashish zarur. Mahalliy kengash deputatlarining, aholi fikrini o‘rganib, ko‘pchilikning roziligini olib bamaslahat qaror chiqarishi salbiy oqibatlarning, shu jumladan fuqarolar noroziligining oldini olishda muhim ahamiyatga ega”, degaan “Yuksalish” bu vaziyatda Mahalliy kengash deputatlarining roli muhimligini ta’kidlab.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 329 ta maktabda 7 sentyabr kuni o‘quv yili boshlandi. Qolgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari 14 sentyabrdan bosqichma-bosqich lchidishi kutilyapti. Masofadan o‘quvchi bolalar uchun televizion darslar ham shu kundan boshlanadi.

 


Maqola muallifi

Teglar

maktab

Baholaganlar

210

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing