Shimoliy Irlandiyada 300 ga yaqin maktabga bomba bilan tahdid qilindi
Olam
−
11:55 659 1 daqiqa
Kecha, 19 oktyabr kuni Shimoliy Irlandiyada 300 ga yaqin maktab elektron pochta orqali bomba haqida tahdidli xatlar oldi. Biroq politsiya xabarlarni soxta deb baholamoqda. Bu haqda “The Irish Times” xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 300 ga yaqin maktab bir xil mazmundagi tahdidli xatlar olganini ma’lum qilgan. Buyuk Britaniyaning boshqa hududlaridagi ayrim maktablarga ham shunday xabarlar kelib tushgan. Politsiya xatlar mamlakat tashqarisidan yuborilganini tasdiqlagan.
Shimoliy Irlandiya Ta’lim vaziri Pol Givan dastlab 150 dan ortiq maktabga tahdidli xatlar kelib tushganini bildirgan. U jurnalistlarga bergan intervyusida xatlarda maktablar hududiga portlovchi qurilmalar joylashtirilgani haqidagi ogohlantirishlar bo‘lganini aytgan.
Pol Givanning aytishicha, Ta’lim boshqarmasi politsiya bilan favqulodda uchrashuvlar o‘tkazgan.
“Hozirda biz buni real tahdid deb baholamayapmiz. Biroq bu holat juda katta xavotirga sabab bo‘ldi”, deydi vazir.
Uning aytishicha, tahdidlar sabab ayrim maktablar vaqtincha yopilgan. Pol Givan yoshlarning ta’lim olishiga xalaqit berilganini keskin qoralagan.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi