Maktablarda o‘qituvchilarni rag‘batlantirishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2019 7290 2 daqiqa
Har bir fan bo‘yicha eng ilg‘or o‘qituvchilarning darslarini mavzular kesimida videotasvirga olinib, internet tarmog‘iga joylashtirib boriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan holatlar muhokamasi vaqtida aytib o‘tdi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, inspeksiya rahbari Ulug‘bek Toshkenboyev xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hududiy markazlar faoliyatini zamon talablari darajasida emasligiga to‘xtalar ekan, o‘qitish metodlari va pedagoglar malakasini oshirish uchun belgilangan muddatlar hozirgi tezkor davr talablariga javob bermasligini aytib o‘tdi.
Aziz Abduhakimov ushbu yo‘nalishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish lozimligi ta’kidlanib, har bir fan bo‘yicha eng ilg‘or o‘qituvchilarning darslarini mavzular kesimida videotasvirga olish va internet tarmog‘ida joylashtirib borish uchun alohida tizim yaratish vazifasi topshirildi. Mazkur tizim orqali pedagoglar o‘zaro tajriba almashishlari, eng yaxshi darslar uchun ovoz berib borib imkoniyati yaratilishi va kelgusida ushbu tizimda eng ko‘p ovoz yiqqan o‘qituvchilar va ta’lim muassasalari reytingida ball qo‘shilishi aytib o‘tildi.
Yakunda hududiy xalq ta’limi boshqarmalari rahbarlari va maktab direktorlariga yangi yo‘lga qo‘yiladigan tizimni o‘qituvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish va ular orasida eng faollarini rag‘batlantirib borish vazifasi topshirildi.
Avvalroq, O‘zbekistonda ilk bor umumta’lim maktablarining milliy reytingi e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi