Makron Zelenskiyga Kiyevga harbiy yordamni ko‘paytirishga va’da berdi — OAV

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotda Kiyevga harbiy va gumanitar yordam ko‘rsatishni kuchaytirishga va’da berdi. Bu haqda BFM telekanali Yelisey saroyiga asoslanib, xabar berdi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 29 aprel kuni Fransiya va Ukraina Prezidentlari telefon orqali muloqot qilgan. Taxminan bir soat davom etgan suhbat chog‘ida Makron Zelenskiyga “Ukrainaga mudofaa qurollari va insonparvarlik yordamini kuchaytirishga” va’da bergan.

Shuningdek, Fransiya Prezidenti hozirgacha Ukrainaga 615 tonna texnika, jumladan, tibbiy asbob-uskunalar, oziq-ovqat va tez yordam mashinalari yuborilganini qayd etgan. Zelenskiy unga yordami uchun minnatdorlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukrainada harbiy operatsiya boshlagan kunning ertasiga Makron Parij Kiyevga 1,2 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam va harbiy texnika berishini ma’lum qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing