Makron va Starmer Baydenni Rossiya ichkarisiga zarba berishga ko‘ndirmoqchi – “Telegraph”
Olam
−
11 noyabr
5307Britaniya hukumati AQSH Prezidenti Jo Bayden yanvar oyida muddati tugaguniga qadar Rossiya hududiga chuqur zarba berishda G‘arbning uzoq masofali raketalaridan foydalanishga ruxsat berishini kutmoqda. Bu haqda qirollik hukumatidagi manbalarga tayanib, “The Daily Telegraph” gazetasi xabar berdi.
“Biz keyingi ma’muriyatgacha hamma narsani to‘xtatib qo‘yish o‘rniga 20 yanvargacha bo‘lgan vaqtdan unumli foydalanishdan juda manfaatdormiz”, dedi nashrga nomi oshkor etilmagan manba.
Yana bir manbaning qayd etishicha, Britaniya hukumati Bayden yaqin haftalarda Kiyevga iqtisodiy yordam ko‘rsatishni tezlashtirishini kutmoqda.
Gazetaning yozishicha, bugun, 11 noyabr kuni Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Bosh vazir Kir Starmer o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvda Britaniyaning uzoq masofaga uchuvchi Storm Shadow raketalarini Rossiya Federatsiyasiga chuqur zarbalar berish uchun ishlatishga ruxsat berish masalasi muhokama qilinadi. “The Daily Telegraph” gazetasining fikricha, agar bu qaror ma’qullansa, AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp 20 yanvarda lavozimga kirishgach, qarorni qayta ko‘rib chiqishi qiyin bo‘ladi.
Sentyabr oyida “The Times” gazetasi manbalarga tayanib, Buyuk Britaniya AQSHning ruxsatisiz Rossiya hududiga chuqur zarbalar berish uchun Storm Shadow’dan foydalanishga ruxsat bermasligi haqida xabar bergan edi. Qayd etilishicha, London “bir o‘zi bunday qadam tashlamaydi”, chunki bu raketalardan muvaffaqiyatli foydalanish Amerika boshqaruv tizimlarisiz mumkin emas.
LiveBarchasi