Makron Putinga qo‘ng‘iroq qilib, o‘z dardini aytdi
Olam
−
30 mart 2022
25272Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Rossiya Federatsiyasining gaz uchun to‘lovni rublda to‘lash bo‘yicha talablarini bajarishni imkonsiz deb bilishini aytdi. Bu haqda Yelisey saroyidagi manbaga tayanib “Reuters” xabar berdi.
O‘tgan juma kuni Makron Rossiya gazi uchun rublda to‘lash talabi shartnomalar shartlariga mos kelmasligini aytgan. Unga ko‘ra, to‘lov shartnomada kelishilgan valyutada amalga oshirilishi kerak. Shu bilan birga, Makron Yevropa Ittifoqining ustuvor yo‘nalishlaridan biri gaz narxini pasaytirish ekanligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.
LiveBarchasi