Makron Netanyaxuga Isroil kimning qarori bilan tashkil qilinganini eslatdi
Olam
−
16 Oktabr
32598Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Vazirlar kengashining yopiq yig‘ilishida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT rezolyutsiyasi asosida paydo bo‘lgan yahudiy davlatining vujudga kelgan sharoitlarini eslashi kerakligini aytdi. Bu haqda manbalarga tayanib, “Le Parisien” gazetasi xabar berdi.
“Isroil Bosh vaziri Netanyaxu o‘z mamlakati BMT qarori bilan yaratilganini unutmasligi, shuning uchun u tashkilot qarorlariga e’tiroz bildirmasligi kerak”, degan Makron.
Gazetaning qayd etishicha, Prezident bu haqda Isroilning Livandagi “Hizbulloh” harakatiga qarshi BMT muvaqqat kuchlarining Livandagi manzillarida olib borayotgan amaliyotlari va tinchlikparvar kuchlarga hujumlar tufayli Isroil elchisini Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirishi fonida aytgan.
Netanyaxuning Makron bilan telefon suhbatidan so‘ng, Isroil Bosh vazirining idorasi “Fransiya Prezidentiga eslatma” nomli tushuntirish berdi.
Unda aytilishicha, Isroil davlati BMT rezolyutsiyasi natijasida emas, balki ko‘pchiligi Holokostdan omon qolgan yoki Fransiyadagi Vichi rejimidan qutulgan jasur askarlarning qoni bilan to‘langan Mustaqillik urushidagi g‘alaba natijasida tashkil topgan.
Ma’lumot uchun, 23 sentyabr kuni Isroil Livanda “Hizbulloh” kuchlariga qarshi “Shimolning o‘qlari” operatsiyasini boshlab yubordi va bu operatsiya davomida tashkilotning harbiy nishonlariga katta zarbalar berdi. 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil armiyasi Livan janubidagi chegara hududlarida quruqlikdagi operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Livan janubidagi UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini hujumdan “zudlik bilan” olib chiqishni so‘ragan edi.