Makron Fransiyada imomlar kengashi tashkil etishni taklif qildi
Olam
−
20 noyabr 2020
14209Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Fransiya musulmonlar kengashiga 15 kun ichida maxsus Nizom ishlab chiqishni taklif qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Nizomga ko‘ra, diniy ta’lim davlat maktablaridan ajratilishi kerak.
Makron Fransiyada Imomlar kengashi tashkil etishni taklif qilgan. Imomlar davlat tomonidan maxsus akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Belgilangan talablar buzilsa, bu akkreditatsiya bekor qilinishi mumkin.
Yangi Nizomda islom siyosiy harakat emas, balki din ekanligi belgilangan. Shuningdek, Nizomga ko‘ra, musulmon jamoalari faoliyatiga hech qanday xorijiy aralashuv bo‘lmaydi.
Ta’kidlanishicha, Prezident Makron va Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanen Yelisey saroyida musulmonlar kengashining 8 nafar yetakchisi bilan uchrashgan. Ular bilan uchrashuv davomida Makron yangi Nizomda o‘zi islom separatizmi deb ataydigan holatga qarshi kurashda quyidagi takliflarni ilgari surgan:
• uyda o‘qitiladigan diniy ta’limni cheklash va faqat istisno tariqasida unga ruxsat berish, shuningdek, boshqa diniy maktablar, ya’ni katolik maktablari faoliyati ham nazoratga olish;
• davlat xizmatchilarini diniy qarashlari bilan qo‘rqitish taqiqlanadi;
• har bir bolaga identifikatsiya raqami beriladi va shu orqali ularning maktabda qatnashayotgani tekshiriladi;
• hozirda Fransiya qonunchiligida taqiqlanmagan uyda diniy ta’lim berish keyingi o‘quv yilidan cheklanadi, bu tartibni buzgan ota-onalar 7,5 ming yevrogacha jarima to‘laydi yoki olti oygacha qamaladi;
• zo‘ravonlikka sabab bo‘luvchi shaxsiy ma’lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi joriy yilning 9 dekabr kuni Fransiya Hukumat yig‘ilishida muhokama qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin kommunasida tarix fani o‘qituvchisi o‘ldirib ketildi. O‘qituvchi darsda o‘quvchilarga buyuk payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning "Charlie Hebdo" jurnalida chop etilgan karikaturasini ko‘rsatgan. Chechenistonda tug‘ilgan 18 yoshli Abdulak Anzorov esa o‘qituvchi Samyuel Patiga pichoq bilan hujum qilib, uni o‘ldiradi. Oradan ko‘p o‘tmay, politsiya qotilni otib tashlaydi. Ushbu voqea Makronning bayonotlar bilan chiqishi va mamlakatda so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashiga sabab bo‘ldi.
LiveBarchasi