Maxsus komissiya qarorlari nega ommaga e’lon qilinmaydi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qarorlari rasman ommaga e’lon qilinmayotgani ko‘pdan beri munozaralarga sabab bo‘lib kelyapti.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida  bo‘lib o‘tgan brifingda qator savollarga javob berish barobarida, maxsus komissiya qarorlari nega ommaga e’lon qilinmasligiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, mamlakatga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog‘liq bandlar kiritilganligi sababli va ular davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi tufayli Respublika maxsus komissiyaning qarorlari to‘liq e’lon qilinmayapti.

“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini qiziqtirayotgan bir masala O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi va Maxsus komissiyaning keyingi qarorlari (protokollari) to‘liq shaklda e’lon qilinmayotgani va ularning yoritilishidir.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, tasdiqlangan edi, ammo quyidagi ob’ektiv va mantiqiy sabablarga ko‘ra e’lon qilinmagan:

•    Dastur birgina hujjatdan iborat emas, u o‘z ichiga kompleks chora-tadbirlarni oladi, normativ-huquqiy hujjat ham emas va shunga ko‘ra, majburiy e’lon qilinishi shart emas;
•    unga mamlakatimizga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarga maxsus kuch va vositalarni jalb qilish va safarbar etish bilan bog‘liq bandlar kiritilgan bo‘lib, davlat manfaatlariga va xavfsizligiga zarar yetishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi tufayli ushbu ma’lumotlarni oshkor qilish maqsadga muvofiq emas;
•    hujjatda vazirlik va idoralarga fuqarolarning sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muayyan vazifalarni bajarish bo‘yich asosan tashkiliy choralar ko‘zda tutilgan;
•    Dastur yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi, umummajburiy qoidalar kiritilishini ko‘zda tutmaydi.
•    Ta’kidlash joizki, koronavirusning oldini olish va unga qarshi kurash dastur qabul qilish bilangina cheklanib qololmaydi, bu Maxsus komissiyaga yuklatilgan keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lidagi faqatgina birinchi qadamlardan biri edi.

Dastur – kechiktirib bo‘lmaydigan choralar majmuasidir, mazkur masalada qabul qilinayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining hujjatlari, hukumat qarorlari, maxsus komissiya qarorlarining barchasi dasturni to‘ldiradi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Uning bildirishicha, koronavirusga qarshi kurash jarayoni sodir bo‘layotgan voqealarga tezkor munosabat bildirish va epidemiologik vaziyatning o‘zgarishiga nisbatan safarbarlik va boshqa rezervlarni ishga solish bo‘yicha qarorlarni kechiktirmasdan qabul qilish lozimligini ko‘rsatdi, bu boradagi ma’lumotlar esa cheklangan xarakterga ega.

“Shu bois, maxsus komissiyaning protokollari ham qisqartirilgan ko‘rinishda e’lon qilinadi. Protokollarning aholi va yuridik shaxslarga taalluqli qismlari rasmiy axborot ko‘rinishida majburiy tartibda mavjud barcha kommunikatsiya kanallari orqali tarqatiladi”, dedi Muzraf Ikromov izohida.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 13 872 nafarga yetdi. Hozirgacha ularning 8030 nafari sog‘aygan va 64 nafari vafot etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

137

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing