Maxachqal’a aeroportida Isroildan qaytgan samolyot tufayli tartibsizlik yuz berdi (video)

Olam

image

Kecha, 29 oktyabr kuni kechqurun Rossiya Federatsiyasidagi Dog‘iston respublikasining poytaxti Maxachqal’adagi xalqaro aeroportga olomon bostirib kirdi. G‘azo sektoridagi urush paytida Isroildan kelgan samolyot tufayli tartibsizliklar boshlandi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Odamlar aeroport yaqinida to‘plana boshlagan. Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da Tel-Avivdan samolyot yetib kelgan. Aeroportga kelgan olomon Isroildan uchib kelgan yo‘lovchilarni topish uchun odamlarning pasportlarini tekshirishni boshlagan. 

Shundan so‘ng, yig‘ilganlar aeroportning xalqaro terminal binosiga bostirib kirib, uni to‘sib qo‘ygan va uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib ketgan.

Soat 21:33 da Federal havo transporti agentligi Maxachqal’a aeroporti "noma’lum shaxslarning kirib kelishi" sababli uchish va kelish uchun yopilganini e’lon qilgan. Bildirilishicha, "vaziyat normallashgunga qadar" uchta reys, jumladan, Moskva va Surgut reysi qoldirilgan.

Dog‘iston milliy siyosat vaziri Enrik Muslimov aeroportga kelib, yig‘ilganlardan tarqalishni so‘ragan. U bilan birga viloyat yoshlar ishlari vaziri Komil Saidov ham bo‘lgan.

Federal havo transporti agentligi soat 22:20 ga kelib, Maxachqal’a aeroporti aerodromi "ruxsatsiz fuqarolardan ozod qilinganini ma’lum qilgan. Aytilishicha, Maxachqal’a aeroporti 31 oktyabrgacha samolyotlarni qabul qilish uchun vaqtincha yopiladi. 

Dog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida jarohatlanganlar bor. 20 kishi, jumladan politsiyachilar ham yaralangan.

“60 kishi qo‘lga olindi, jami 150 nafar tartibsizlik ishtirokchisi aniqlandi”, deb xabar qilgan IIV.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Dog‘iston bo‘yicha departamenti ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 212-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Tergov ishlari respublika prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Ichki ishlar vazirligining Shimoliy Kavkaz federal okrugi bo‘yicha departamenti tartibsizliklarda ishtirok etganlarning barchasini aniqlashga va’da berib, aeroport va uning atrofidagi hududlarda videokuzatuv tizimi mavjudligini ta’kidlagan.
Aeroportdagi tartibsizliklar tufayli Dog‘iston rahbari Sergey Melikov boshchiligidagi "ijtimoiy-siyosiy vaziyat bilan bog‘liq" shtab tuzilgan.

Dog‘iston rahbari Sergey Melikov aeroportga kelganlarning harakatini qo‘pol qonun buzilishi deb atagan. 

“Barcha dog‘istonliklar nohaq odamlar va siyosatchilarning harakatlari qurbonlari azobiga hamdard bo‘lib, Falastinda tinchlik bo‘lishini so‘raydilar. Ammo bizning aeroportimizda sodir bo‘lgan voqea juda g‘alati va huquqni muhofaza qilish organlaridan tegishli baho olishi kerak! Va bu albatta amalga oshadi! ” deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.

U Dog‘istondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar Rossiyaning xorijdagi “dushmanlari” tomonidan amalga oshirilayotganini aytgan.

“Dog‘istondagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar, jumladan, milliy adovat va dinlararo muammolarni qo‘zg‘atish bilan bog‘liq taqiqlangan usullarni qo‘llash bizning dushmanlarimiz, mamlakatimizning muxoliflari tomonidan amalga oshirilmoqda”, degan Melikov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholini mitinglarga chaqiradigan postlarni chop etuvchi Telegram-kanallaridan biri Ukraina hududidan nazorat qilinadi.

“Bugun biz “Dog‘iston tongi” kanali Ukraina hududidan sotqinlar tomonidan boshqarilayotgani haqida mutlaqo ishonchli ma’lumot oldik”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Shuningdek, Melikov Maxachqal’a aeroportidagi tartibsizliklar chog‘ida ikki politsiyachi yaralanganini aytdi.

Dog‘iston muftiysi Ahmad Abdullayev esa “Falastinda hozir halok bo‘layotgan musulmonlar uchun” xavotirda ekanini va odamlarning g‘azabini tushunishini aytgan, biroq u ham muammoni aeroportga bostirib kirish va pogromlar bilan hal qilib bo‘lmaydi, degan fikrda.

Maxachqal’a voqealaridan so‘ng Bosh vazirlik idorasi va Isroil Tashqi ishlar vazirligi Rossiya huquq-tartibot idoralarini Isroil fuqarolari va yahudiylarning “qayerda bo‘lmasin” xavfsizligini ta’minlashga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Dog'iston Isroil G'azo Maxachqal'a

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing