Maqsad “ozod qilish”. DXR Ukrainaning qaysi hududiga ko‘z tikkani aytildi
Olam
−
24 fevral 2022 19266 2 daqiqa
Ukraina sharqida rossiyaparast separatistlar nazoratidagi Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mamlakatning shu nomdagi viloyatlarini egallamoqchi. Buni DXR harbiy qo‘mondonligi vakili Eduard Basurinning bayonotidan payqash qiyin emas.
Unga ko‘ra, DXR kuchlarining vazifasi Donetsk viloyati chegaralariga chiqish va “hududlarni ozod qilish”.
“Ukraina harbiylari qurollarini tashlamagan, guruh katta, vaziyat og‘ir, u Ukraina aholisini armiyadagi qarindoshlaridan qurollarini qo‘yishni so‘rashga chaqiraman”, deydi Basurin.
Shuningdek, u Ukraina fuqarolarini hech nimadan qo‘rqmaslikka va ularga qarata o‘q uzilmasligiga ishontirgan.
Biroq media makonida tarqalgan videolardan turar-joy binolari ham raketalar zarbalariga uchrayotganini ko‘rish mumkin.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.
LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Live
Barchasi