MAGATE rahbari Kurskda yadroviy hodisa yuz berishi xavfidan ogohlantirdi
Olam
−
28 avgust
4250Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbari Rafael Grossi Rossiyadagi Kursk AESiga yadroviy hodisa xavfi bilan bog‘liq tashrifini amalga oshirdi. Bu haqda “Rosenergoatom” matbuot xizmati xabar berdi.
Grossining so‘zlariga ko‘ra, tashrifdan maqsad Kursk atom elektr stansiyasidagi vaziyatni shaxsan baholash va rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda mavjud vaziyatga qandaydir yechim topishdir.
“Mening bu yerga kelishim hozirda Kursk shahri va atom elektr stansiyasiga nisbatan harbiy amaliyotlar olib borilayotgani bilan bog‘liq. Hozir bu yerda yadroviy voqea sodir bo‘lish xavfi bor”, deydi MAGATE rahbari.
Rafael Grossining ta’kidlashicha, stansiyaning ishlashi normal holatga juda yaqin. U reaktor xonasiga, turbina xonasiga, uskunalarni boshqarish xonasiga va ishlatilgan yadro yoqilg‘isini saqlash omboriga tashrif buyurgan.
“Bugun menga stansiya hududida bir necha dron hujumlari sodir etilgani haqida aytib berishdi. Men u yerda bo‘lganimda bu hujumlar izlarini ko‘rdim. Umuman olganda, atom elektr stansiyasidan bir necha kilometr uzoqlikda harbiy amaliyotlar olib borilayotgani xavfsizlik rejimi uchun katta qo‘rquv va xavotir uyg‘otadi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 avgust kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) rahbari Rafael Grossining Kursk atom elektr stansiyasi joylashgan Kurchatov shahriga tashrif buyurgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi