Kurskda Rossiyaning ikkita qiruvchi samolyoti to‘qnashib ketdi
Olam
−
21:55 1317 2 daqiqa
Bugun, 7 sentyabr kuni Ukrainaga chegaradosh havo hududida Rossiya Aerokosmik kuchlarining jangovar aviatsiyasi ishtirokida jiddiy aviahalokat sodir bo‘ldi. Kursk viloyati osmonida parvoz topshirig‘ini bajarish chog‘ida “4++” avlodiga mansub ikkita Su-35S ko‘p maqsadli qiruvchi samolyoti o‘zaro to‘qnashib ketgan. Bu haqda “Avia.pro” xabar berdi.
Qayd etilishiyaa, maxsus xizmatlar va tegishli idoralar ayni paytda favqulodda vaziyatga olib kelgan hodisaning texnik omillari va bevosita sabablarini atroflicha aniqlamoqda. Ekipajlarning hozirgi ahvoli va aviatsiya texnikasining shikastlanish darajasi haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Su-35S qiruvchi samolyotlari joriy vaziyat doirasida havo hududini kuzatish va quruqlikdagi bo‘linmalarni himoya qilish bo‘yicha vazifalarni bajarayotgan bo‘lgan.
“Bu kabi zamonaviy jangovar samolyotlar jarayonlarning yuqori darajada avtomatlashtirilgani bilan ajralib turadi, biroq jangovar navbatchilik sharoitida o‘ta yaqin masofada murakkab manyovrlarni bajarish har doim yuqori xavf-xatarga sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Mutaxassislarning bildirishicha, hodisani tergov qilish bilan mudofaa idorasining maxsus komissiyasi shug‘ullanadi. Ekspertlar voqealar xronologiyasini to‘liq tiklash hamda to‘qnashuv murakkab meteorologik sharoit, texnik nosozlik yoki inson omili sababli yuz berganini aniqlash uchun “qora quti” ma’lumotlari va radiolokatsiya stansiyalari ko‘rsatkichlarini atroflicha o‘rganib chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gretsiya sharqida aviashou vaqtida F-4 Phantom qiruvchi samolyoti halokatga uchragan edi.
Live
Barchasi