Fransiyada qiruvchi samolyot halokatga uchradi. Qurbon bor
Olam
−
15:30 768 1 daqiqa
Kecha, 20 oktyabr kuni Fransiya Harbiy-havo kuchlariga tegishli Mirage 2000D qiruvchi samolyoti Mert va Mozel departamentidagi Rojevil hududida halokatga uchradi. Oqibatda kamida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Le Monde” gazetasi xabar berdi.
“Fransiya Harbiy-havo kuchlari va koinot kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, seshanba, 20 sentyabr kuni Nansi-Oshe 133-aviabazasining Mirage 2000D samolyoti topshiriqdan qaytayotganda halokatga uchradi”, deyiladi xabarda.
Voqea joyida ekipaj a’zolaridan birining jasadi topilgan. Uning shaxsi hozircha aniqlanmagan. Ikkinchi harbiy xizmatchi – uchuvchi yoki qurollanish tizimlari operatorini qidirish ishlari davom etmoqda.
Samolyot 2/3 “Shampan” qiruvchi eskadrilyasiga tegishli bo‘lgan. Halokat sabablarini aniqlash uchun parvozlar xavfsizligi sohasida surishtiruv va sud surishtiruvi boshlangan.
Pont-a-Musson meri Anri Lemoynning xabar qilishicha, samolyot parchalari dron yordamida topilgan. Rojevil meri Paskal Doyottning so‘zlariga ko‘ra, guvohlar baland portlash ovozini eshitishgan va olovli sharni ko‘rgan.
Qidiruv operatsiyasiga Mert va Mozel departamentining o‘t o‘chirish va qutqaruv xizmatlari, Harbiy-havo kuchlari mutaxassislari va jandarmeriya jalb qilingan. Dala va o‘rmonlardan iborat hudud vertolyotdan ham ko‘zdan kechirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Reynland-Pfals federal yerida joylashgan AQSH aviabazasida F-16 qiruvchi samolyoti halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi