Tailand qirolichasi qiruvchi samolyotni mustaqil boshqardi (video)
Olam
−
22:09 865 2 daqiqa
Tailand qirolichasi Sutxida Shvetsiyaning bir o‘rinli JAS 39 C Gripen ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotida o‘zining ilk mustaqil parvozini amalga oshirdi. Bu haqda “Bangkok Post” gazetasi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Surattxani viloyatidagi Harbiy-havo kuchlari bazasida parvoz oldidan bo‘lajak parvoz rejasi bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tgan va unda Tailand qiroli Maxa Vachiralongkorn (Rama X) ishtirok etgan. Samolyotni to‘xtash joyida birgalikda ko‘zdan kechirgach, qirolicha jangovar mashinani uchish-qo‘nish yo‘lagiga olib chiqqan. Muvaffaqiyatli qo‘nishdan so‘ng monarx rafiqasini shaxsan kutib olib, unga guldasta topshirgan.
Nashrning yozishicha, Tailand qirolichasi katta uchuvchilik tajribasiga ega. U o‘zining birinchi uchuvchilik litsenziyasini 2010 yil 13 mayda Bangkokdagi aviabazada Cessna T-41D samolyotini o‘zlashtirganidan so‘ng olgan. O‘tgan yillar davomida uning turli turdagi havo kemalaridagi umumiy parvoz vaqti 1188 soatga yetgan. Ular orasida yengil motorli va o‘quv-mashg‘ulot samolyotlari, shuningdek, u havoda umumiy hisobda 480 soatdan ortiq vaqt o‘tkazgan Boeing 737-400 va Boeing 737-800 yo‘lovchi laynerlari bor. Jangovar qiruvchi samolyotda mustaqil uchishga u Saab JAS 39D Gripen ikki o‘rinli o‘quv-jangovar modifikatsiyasida hozirlik ko‘rgan va unda 10 soatdan sal ko‘proq uchish vaqtini to‘plagan.
Qirolicha qirollik vazifalarini bajarish doirasida ichki va xalqaro reyslar vaqtida qirolga hamrohlik qilib, ikkinchi pilot vazifalarini muntazam ravishda bajarib keladi. Xususan, 2025 yilning aprel oyida monarx juftligi tog‘li relef xususiyatlari tufayli dunyodagi eng murakkab havo bandargohlaridan biri hisoblangan Butandagi Paro xalqaro aeroportiga qirollik bortini muvaffaqiyatli qo‘ndirgan.
Live
Barchasi