Urushda soyada qolayotgan kuchlar
Tahlil
−
17:54 568 6 daqiqa
“Ukrainaga Yevropa yordam bermoqda”, “Kiyev yolg‘iz o‘zi bu yergacha kelolmasdi”, mazmunidagi gaplarni ko‘p gapirdik. Haqiqatan ham Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlari Moskva qo‘shinlari bosqinidan beri Kiyevga milliardlab dollarlik yordam berib kelmoqda. Faqatgina 2024–2025 yillardagi umumiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Ukrainaga jami 250 milliard yevrodan ortiq (majburiy va’da qilingan) yordam ajratilgan.
Ammo Rossiyani ham bu yerda yolg‘iz deb bo‘lmaydi. Putin hukumati ishonadigan, urush holatida ham unga yordam beradigan, kerak bo‘lsa o‘z askarlarini qo‘sh-qo‘llab topshiradigan birgina inson bor. Bu esa, shubhasiz, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In.
Shunchaki harbiy yordam emas
G‘arb davlatlari Kiyevga keng miqyosda yordam berib kelmoqda, ammo ularning hech biri hali rasman Rossiya – Ukraina urushiga o‘z armiyasidan harbiylarni jalb qilganicha yo‘q. Shimoliy Koreya esa bu borada pachakilashib o‘tirgani yo‘q, Putin so‘ragan kezda unga minglab askarlarini jo‘natishga tayyor.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Shimoliy Koreya Moskva uchun muhim ittifoqchiga aylandi. “Council of Foreign Relations” (CFR) agentligining o‘tgan yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oktyabrdan beri Rossiyaga jami 14–15 ming atrofida shimoliy koreyalik harbiy yuborilgan va bu hanuzgacha davom etib kelmoqda. Ularning asosiy qismi Shimoliy Koreya armiyasining maxsus tayyorlangan 11-korpusi – “Storm Corps” jangchilari bo‘lgan.
Buni qarangki, aynan Kim Chen Inning ko‘magi urushda kezi kelganda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Pxenyan tomonidan yuborilgan harbiy kuchlar dastlab Rossiyaning Kursk viloyatidagi janglarda, shuningdek, Ukraina kuchlarini Rossiya hududidan siqib chiqarish operatsiyalarida harakat qilib kelmoqda. Bundan tashqari, ular chegara atrofidagi harbiy harakatlarga ham jalb qilingan bo‘lib, bu orqali Moskva o‘zining tajribali zarbdor brigadalarini Sharqiy Ukrainadagi asosiy hujum nuqtalariga yo‘naltirmoqda.
Qiziq jihati, tomonlar bu harakatlarni sir saqlashga harakat qiladi. “Center for Strategic and International Studies” (CSIS) tashkiloti tahlillarida keltirilishicha, Rossiya Shimoliy Koreya harbiylarini mamlakatga ,asosan, dengiz orqali olib kirgan. Birinchi guruhlar Shimoliy Koreyaning Vonsan, Chxonjin, Hamxung va Musudan kabi portlaridan Rossiya Tinch okeani flotining kemalarida Vladivostokka olib kelingan. Keyin ular Rossiyaning sharqidagi harbiy bazalarga ko‘chirilgan va u yerda rus harbiy kiyimi, quroli hamda ayrim hollarda soxta identifikatsiya hujjatlari bilan ta’minlangan. Keyingi bosqichlarda esa Rossiyaning yuk kemalari va harbiy samolyotlaridan ham foydalanilgani haqida Janubiy Koreya razvedkasi xabar bergan.
Joriy yilning 28 sentyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham X’dagi sahifasida Rossiya Shimoliy Koreyalik 10 ming nafar harbiyni urushga jalb qilishi haqida ma’lumotlar olganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, ayni paytda Pxenyan Kremlga 8 mingdan ortiq askar bergan va yana minglab jangchilarni harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazmoqda.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi?
Rossiya frontlarni kengaytirish u yoqda tursin, ayni vaqtdagi chiziqni saqlab qolishda muammolarga duch kelmoqda. Pxenyan esa Moskva uchun oddiy qurol yetkazib beruvchi davlatdan asta-sekin qo‘shimcha harbiy resurs manbaiga aylanmoqda.
Saxiy Kim
“Do‘st og‘ir kuningda bilinadi”, deyishadi. Kim Chen In boshchiligidagi hukumatning Putin bilan munosabatlari ham ayni urush vaqtida har qachongidan ham yaxshilandi. Shimoliy Koreya o‘z qo‘shinlari mojaroga aralashishidan ancha oldin Rossiyaning harbiy harakatlariga yordam berishni boshlagan va birinchi marta 2023 yil avgust oyida qurol yetkazib bergan. O‘sha paytda rus qo‘shinlariga o‘q-dori yetishmayotgan, ichki ishlab chiqarish esa mavjud talabni qondira olmayotgan payt edi. Janubiy Koreya va AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga millionlab, turli hisob-kitoblarda 5 milliondan 8 milliongacha bo‘lgan miqdorda artilleriya snaryadlarini yetkazib bergan.
Manbalarga qaraganda, KXDR Rossiyaga KN-23 (Hwasong-11Ga) va KN-24 qisqa masofali ballistik raketalarini va ularning uchirish qurilmalarini ham yetkazib bergan. Bu qurilmalar Ukrainaning ichki hududlaridagi strategik hamda harbiy ob’ektlarga uzoq masofali zarbalar berishda qo‘llanilmoqda.
Shuningdek, Ukraina Mudofaa razvedka boshqarmasi qo‘mondoni general-leytenant Kirill Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Pxenyan yaqinda Rossiya aholi punktlariga vayronkor zarbalar berishda foydalanib kelinayotgan “Shahid” uslubidagi uchuvchisiz uchish apparatlarini Shimoliy Koreyada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qancha kelishuvlarga erishganini ta’kidladi.
CFR ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning ba’zi bo‘limlari to‘laqonli KXDRdan keluvchi yordamlarga tayangan. Umuman olganda, Ukraina harbiy razvedka boshqarmasi Shimoliy Koreya Rossiya artilleriya snaryadlarining taxminan yarmini yetkazib berayotganini taxmin qilmoqda.
Ushbu qurollarning jang maydoniga ko‘rsatgan ta’sirini to‘liq baholash qiyin bo‘lsa-da, BMTning sanksiyalarni monitoring qilish guruhi ekspertlari yaqinda Shimoliy Koreyaning qo‘llab-quvvatlashi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini davom ettirish imkoniyatiga salmoqli hissa qo‘shganini ta’kidladilar.
Foyda nima?
“Sizdan ugina, bizdan bugina”, deganlaridek, KXDRning Rossiyaga berayotgan yordami beminnat emas. Shimoliy Koreya Rossiya – Ukraina urushi boshlanishi bilan qulay imkoniyatdan foydalanib qoldi. Rossiyaning Ukraina harbiylari bir necha kun ichida taslim bo‘ladi, degan taxmini mutlaqo xato bo‘lib chiqdi va tez orada Rossiyada o‘z hujumini davom ettirish uchun qurol-yarog‘ ham, jonli kuch ham yetarli emasligi ayon bo‘ldi. Shimoliy Koreya esa Rossiyaga yordam berishga tayyor va buni amalga oshirishga qodir bo‘lgan sanoqli mamlakatlardan biri ekanini ko‘rsatdi.
2023 yil iyul oyida o‘sha paytdagi Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Koreya urushi tugaganining yilligini nishonlash uchun Pxenyanga delegatsiyani boshlab bordi. U yerda Kim mamlakatning harbiy salohiyatini namoyish etdi va ikki rasmiy shaxs harbiy hamkorlikni muhokama qildi. Oradan bir oy ham o‘tmay, Shimoliy Koreya Rossiyaga o‘q-dorilarning birinchi partiyasini yubordi. Mamlakatlar o‘z ittifoqchiligini 2024 yil iyun oyida, Kim va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zaro mudofaa bandini o‘z ichiga olgan har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzolab, mustahkamladilar.
Shundan so‘ng, Moskva tizimli harbiy resurs ta’minotini topdi. Pxenyan ham buning evaziga shunchaki pul yoki oziq-ovqat olmayapti. Rossiya Shimoliy Koreyaga harbiy texnologiyalar, havo mudofaasi vositalari, elektron kurash tizimlari va harbiy tajriba berayotgani haqida ma’lumotlar bor. Eng muhimi, Shimoliy Koreya harbiylari Koreya urushidagi janglardan beri amalda ko‘rmagan keng ko‘lamli, zamonaviy urush tajribasini Rossiyada olyapti.
Rossiya Shimoliy Koreyaning tajribasiz harbiylariga jang maydonida tajriba orttirish imkoniyatini berdi. Shimoliy Koreya kuchlari vaqt o‘tishi bilan o‘z taktikasini o‘zgartirib, Ikkinchi jahon urushi davriga xos ochiq maydondagi klassik uslubdagi yengil piyoda hujumlaridan dronlardan foydalanishga o‘ta boshladi. Bundan tashqari, Kreml ta’minotni oshirish maqsadida Pxenyanga katta miqdorda investitsiyalar kiritmoqda, zamonaviy qurollar ishlanmalarini topshirmoqda. Bu esa KXDRdek yadro qurollarini zerikkanda maqtovchi davlatning harbiy salohiyati oshishiga sabab bo‘lyapti.
Pxenyan uchun Ukraina urushi o‘z armiyasini haqiqiy jang tajribasi bilan ta’minlash, Rossiyadan zamonaviy texnologiyalar olish va ikki davlat o‘rtasidagi harbiy ittifoqni mustahkamlash imkoniyatiga aylandi. Ya’ni Rossiya Shimoliy Koreyadan askar va snaryad olayotgan bo‘lsa, Shimoliy Koreya ham bu urushdan o‘z armiyasi uchun tajriba va texnologiya yig‘moqda. Shu sababli bu hamkorlikning ta’siri faqat Ukraina fronti bilan cheklanib qolmay, Koreya yarimoroligacha yetib boradigan xavfsizlik masalasiga aylanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bugun Putin hokimiyati harbiy masalada Kim Chen Inga suyanmoqda. Ammo shu bilan birga, Shimoliy Koreyaning yordami ortida o‘z qo‘shinlarining salohiyatini oshirish va harbiy texnologiyalarni zamonaviylashtirish maqsadi ham turibdi.