Madina Muxtorova onalik huquqidan mahrum etilsa... Vasiylik va homiylik nima?
Tahlil
−
06 yanvar 2020
20777Madina Muxtorova va uning farzandlari bilan bog‘liq voqea jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda Yunusobod tuman hokimligi vasiylik va homiylik organi vakili Muxlisa Qosimova tegishli xulosalar olingach, yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, Madina Muxtorova, hatto, onalik huquqidan ham mahrum etilishi mumkinligini ma’lum qildi. Ko‘pchilikda vasiylik va homiylik organlari nima va ular qanday faoliyat yuritadi degan savol tug‘ilayotgan bo‘lishi tabiiy. Bu xususda maqolamizda batafsil tushuntirishga harakat qilganmiz.
Vasiylik va homiylik to‘g‘risida qonunda nima deyilgan?
O‘zbekiston Resupublikasida vasiylik va homiylik faoliyati 2013 yil 8 noyabrda qabul qilingan qonun bilan tartibga solinadi. Vasiylik – o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli hisoblanadi.
Homiylik esa o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan yetim bolalarni va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan fuqarolarni ularga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish, ularning mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida joylashtirishning huquqiy shakli. Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga bu shaxslarning iltimosiga ko‘ra homiylik belgilanishi mumkin.
Vasiylik va homiylik sohasidagi faoliyatni qaysi davlat organlari amalga oshiradi?
Qonunga ko‘ra, quyidagilar vasiylik va homiylik faoliyatini amalga oshiruvchi davlat tashkilotlari hisoblanadi:
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
- O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi;
- O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;
- mahalliy davlat hokimiyati organlari.
Vasilik va homiylik bo‘yicha faoliyat tuman, shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limlari tomonidan — voyaga yetmaganlarga nisbatan amalga oshiriladi. Shuningdek, tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan — sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqarolarga, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylikka muhtoj bo‘lgan voyaga yetgan muomalaga layoqatli fuqarolarga nisbatan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida yashaydigan, ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mustaqil ravishda o‘z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va o‘z majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga yetgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vasiylik yoki homiylik belgilash chora-tadbirlarini ko‘radi.
Vasiylik va homiylik organlaridan tashqari boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarni aniqlash va joylashtirish bo‘yicha faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vasiylik va homiylikni belgilash qay tartibda amalga oshiriladi?
Vasiylik va homiylik tuman yoki shahar hokimining qaroriga ko‘ra belgilanadi. Tuman yoki shahar hokimi vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi. Ota-ona yashash joyida vaqtincha bo‘lmaganda, agar bola ular tomonidan olti oydan ortiq muddatga qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirilgan bo‘lsa, bu shaxslarning bolaga nisbatan vasiyligi yoki homiyligi belgilanadi.
Ota-ona yashash joyida olti oydan kam muddatga vaqtincha bo‘lmaganda, basharti bola ular tomonidan qarindoshlarining yoki boshqa yaqin kishilarining vasiyligida yoki homiyligida va nazorati ostida qoldirilgan bo‘lsa, vasiylik yoki homiylik, agar bu bolaning manfaatlari uchun zarur bo‘lsa, belgilanadi.
Vasiylik yoki homiylik belgilash zarurligi haqida vasiylik va homiylik organlariga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi kerak. Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsga bir oy ichida vasiy yoki homiy tayinlanmagan bo‘lsa, vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxs aniqlangan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organining zimmasiga vaqtincha yuklatiladi. Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxs haqidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan olingan ma’lumotlar maxfiy bo‘lib, oshkor qilinmaydi.
Yashash joyidan qat’i nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.
Vasiylik yoki homiylik qay hollarda tugatiladi?
Vasiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
- vasiylikdagi shaxs vafot etganda;
- voyaga yetmagan o‘n to‘rt yoshga to‘lganda;
- voyaga yetmagan ota-onasiga qaytarilganda;
- vasiylikdagi shaxs farzandlikka olinganda;
- fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan tiklanganda.
Voyaga yetmagan o‘n to‘rt yoshga to‘lganligi sababli vasiylik tugatilgach, vasiyning majburiyatlarini bajaruvchi shaxs belgilangan tartibda tayinlanmagan holda voyaga yetmaganning homiysi bo‘lib qoladi.
Homiylik quyidagi hollarda tugatiladi:
- homiylikdagi shaxs vafot etganda;
- homiylikdagi shaxs voyaga yetganda;
- homiylikdagi shaxs ota-onasiga qaytarilganda;
- homiylikdagi shaxs farzandlikka olinganda;
- fuqaroning muomala layoqatini cheklash haqidagi sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;
- voyaga yetmagan to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinganda (emansipatsiya);
- homiylikdagi shaxs nikohga kirganda;
- sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning sog‘lig‘i yaxshilanganda.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs tarbiya, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy muhofaza qilish muassasalarida va boshqa shunga o‘xshash muassasalarda vaqtincha bo‘lganda vasiyning yoki homiyning uzrli sabablarga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bajara olmasligi vasiyning yoki homiyning vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga nisbatan huquqlari va majburiyatlarini bekor qilmaydi.
Vasiy va homiylarning huquq va majburiyatlari nimalardan iborat?
Vasiylar o‘z vasiyligidagi shaxslarning nomidan yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab barcha zarur bitimlarni tuzadi. Homiylar o‘z homiyligidagi shaxslarning huquqlarini amalga oshirishida va majburiyatlarini bajarishida ko‘maklashadi, shuningdek ularni uchinchi shaxslar tomonidan bo‘ladigan suiiste’molliklardan muhofaza qiladi.
Vasiylar va homiylar:
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni uning fikrini hamda vasiylik va homiylik organlarining tavsiyalarini hisobga olgan holda tarbiyalash usullarini mustaqil belgilashga;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni qonuniy asoslarsiz o‘zida ushlab turgan har qanday shaxsdan, shu jumladan ota-onasidan hamda boshqa yaqin qarindoshlaridan uni qaytarib berishni sud tartibida talab qilishga;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti, unga tarbiya, ta’lim berish va uning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha huquqiy, uslubiy, diagnostika va maslahat yordami olishga;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli bo‘lmagan bitimlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirishga;
• zarur ijtimoiy yordam olish uchun vasiylik va homiylik organlariga, ta’lim muassasalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilishga;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning davolanishi va sog‘lig‘ini tiklashi maqsadida davolash, sanatoriy-kurort muassasalariga yo‘llanmalar olish uchun sog‘liqni saqlash muassasalariga murojaat qilishga haqli.
Vasiy yoki homiy o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas, bunday muloqot vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning qonuniy manfaatlariga mos kelmaydigan hollar bundan mustasno. Vasiy yoki homiy, uning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan bitimlar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiyning yoki homiyning eri (xotini), uning yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning vakili bo‘lishga haqli emas.
Vasiylar va homiylar:
• o‘zining yashash joyi o‘zgarganligi haqida vasiylik va homiylik organini xabardor qilishi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni tarbiyalashi, uning ta’minoti, sog‘lig‘i, jismoniy, ruhiy, ma’naviy va axloqiy kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilishi, shuningdek uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishi;
• o‘z vasiyligidagi shaxsning maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim olishi uchun sharoitlarni ta’minlashi;
• alimentlar, pensiyalar, nafaqalar hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashni talab qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning o‘zlariga topshirilgan mol-mulkini asrab-avaylashi, mol-mulkning qiymati pasayishiga yo‘l qo‘ymasligi hamda undan foyda chiqarishga imkon tug‘dirmasligi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning mol-mulkini boshqarishdan tushgan daromadlardan va boshqa mavjud mablag‘laridan uning ta’minoti uchun foydalanishi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsning parvarish qilinishini, tibbiy kuzatuvini va davolash-profilaktika muassasalarida davolanishini ta’minlashi;
• vasiylik va homiylik organlariga o‘z majburiyatlarining bajarilishi haqida hisobotlar taqdim etishi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxs statsionarda davolanish uchun joylashtirilganligi haqida vasiylik va homiylik organlarini xabardor qilishi;
• agar fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topishga yoki muomala layoqati cheklanganligiga doir asoslar bekor bo‘lgan bo‘lsa, o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi shaxsni muomalaga layoqatli deb topish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilishi;
• o‘z vasiyligidagi yoki homiyligidagi voyaga yetmagan shaxs bilan birga yashashi shart.
O‘z homiyligidagi shaxs bilan birga yashayotgan homiyning yashash joyini o‘zgartirishi vasiylik va homiylik organining yozma ruxsati va o‘n to‘rt yoshga to‘lgan voyaga yetmaganning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Homiyning o‘z homiyligidagi o‘n olti yoshga to‘lgan shaxsdan alohida yashashiga, basharti bu homiylikdagi shaxsning tarbiyasiga, ta’minotiga va ta’lim olishiga, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasa, vasiylik va homiylik organlarining yozma ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi. Homiy o‘z homiyligidagi shaxsdan alohida yashagan taqdirda, uning yashash, ta’lim olish sharoitlarini nazorat qilishi, uni atrofdagilarning salbiy ta’siridan himoya qilishi shart.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi voyaga yetmagan shaxsning turar joyi mavjud bo‘lmagan taqdirda, vasiy yoki homiy uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq uni olish bo‘yicha choralar ko‘rishi shart. Muomala layoqati cheklangan fuqarolarning homiylari ularni spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki aql-iroda faoliyatiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarni iste’mol etishdan, chekishdan himoya qilishga doir zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart. Vasiylik va homiylik bo‘yicha majburiyatlar bepul bajariladi.
Vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar qanday huquqlarga ega?
O‘ziga nisbatan hurmat bilan va insoniy munosabatda bo‘linishi, ta’minoti, tarbiyasi, ta’lim olishi va sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilinishi shart. O‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishini talab qilishi mumkin. O‘z huquqlari va o‘zlariga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan xizmatlar to‘g‘risida, shuningdek o‘z huquqlarini himoya qilish usullari hamda vositalari haqida vasiylik va homiylik organlaridan axborot olishi mumkin. Ta’lim olishga, sog‘liqni saqlashga, ijtimoiy muhofaza qilinishga bo‘lgan huquqlarini, shuningdek o‘zlarining jismoniy, aqliy va ma’naviy jihatdan uyg‘un rivojlanishiga yordam beradigan boshqa huquqlarni amalga oshirish uchun zarur yordam olish hamda qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega.
Agar bu vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasa, ota-onasi va boshqa yaqin qarindoshlari bilan muloqotda bo‘lish ham mumkin. Ularning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotning maxfiyligi ta’minlanishi kafolatlanadi. Turar joyga bo‘lgan mulk huquqi yoki turar joydan foydalanish huquqi, shuningdek ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qarindoshlik faktiga asoslangan mulkiy huquqlari ta’minlanishi lozim.
Vasiy yoki homiysi g‘ayriqonuniy harakatlar (harakatsizlik) qiladigan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organiga, shuningdek sudga murojaat qilish huquqi mavjud. Voyaga yetmagan vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxslar vasiy yoki homiy bilan birga yashash huquqiga ham ega hisoblanadi.