SSV tizimidagi xodimlarning lavozimiga loyiqligi baholanadi
Jamiyat
−
16:52 2134 2 daqiqa
O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi xodimlarning lavozimiga loyiqligi baholanadi. Bu haqda Prezidentning kecha, 5 may kuni imzolangan “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2026 yil yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholanadi. Shuningdek, baholash natijalariga ko‘ra hamda mehnat qonunchiligi talablariga muvofiq xodimlarning lavozimga muvofiqligini ta’minlash, shu jumladan, ularni lavozimda qoldirish, rotatsiya qilish, qayta tayyorlash yoki mehnat shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish choralari ko‘riladi.
Farmonga asosan boshqaruv samaradorligi agentligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligining markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmalari xodimlarining malakasini egallab turgan lavozimi bo‘yicha baholash tartibini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, 2027 yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi respublika va hududiy darajadagi tibbiyot muassasalariga rahbarlar quyidagi shartlar asosida lavozimga tayinlanadi:
- mehnat shartnomasi 5 yilgacha bo‘lgan muddatga tuziladi;
Lavozimga tayinlangandan so‘ng:
- olti oy muddatda tibbiyot muassasasini rivojlantirish dasturini (biznes-reja) ishlab chiqadi va Sog‘liqni saqlash vazirligida himoya qiladi;
- bir yil muddatda tibbiyot menejmenti va moliyaviy boshqaruv bo‘yicha malaka oshirishi talab etiladi;
- tibbiy amaliyot bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi (alohida hollarda sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ilmiy-amaliy maqsadlar uchun tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi mumkin);
- faoliyati eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) (tibbiy xizmat sifati, moliyaviy intizom, boshqaruv samaradorligi, raqamlashtirish, kadrlar siyosati va boshqa ko‘rsatkichlar) asosida baholanadi hamda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishilmagan taqdirda mehnat shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyati deyarli to‘liq tarkibda almashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Asilbek Anvarovich Xudayarov Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti sho‘ba mudiri lavozimida ishlayotgan Eldor Erkinovich Odilov egalladi.
Live
Barchasi