“Madina Muxtorova effekti”. O‘zbekistonda bola huquqlari muntazam toptalmoqdami?
Tahlil
−
05 yanvar 2020
24908Joriy yilning 2 yanvar kuni Madina Muxtorovaning o‘g‘li muttasil kaltaklangani, yerto‘lada yashab kelayotgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlardagi katta “portlash”ga sabab bo‘ldi. Bu holatga jamoatchilik befarq munosabatda bo‘lmadi. Muhokamalar avj oldi. Kuni kecha ichki ishlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan ushbu masala yuzasidan brifing o‘tkazildi. Xo‘sh, bir bolaning kaltaklangani nega bunday rezonans berdi? Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro xamjamiyat nima deydi va u nega muhim? Keling, xalqaro huquq va milliy qonunchilikni tahlil qilsak.
Xalqaro konvensiya va uning ratifikatsiyasi
Bola huquqlari to‘g‘risida Konvensiya BMTning 1989 yil 20 noyabridagi Bosh assambleyasining N 44/25-sonli rezolyutsiyasiga binoan qabul qilingan. Xalqaro darajadagi xujjat muqaddima va uch qism, 54 moddadan iborat.
Muqaddimada shunday so‘zlar yozilgan: “Bola to‘liq va uyg‘unlik asosida rivojlanishi uchun baxt, mehr-muhabbat va o‘zaro tushunishga asoslangan oilaviy muhitda o‘sishi lozim ekanligini tan olgan holda...”.
Konvensiyada bola tushunchasi, uning huquqlari, manfaatlari, ota-ona majburiyati, qoidalarni amalga oshirishda BMTga a’zo-davlatlar vazifalari haqida aniq to‘xtalib o‘tilgan.
Konvensiyada keltirilgan bir necha bola huquqlaridan misollar keltirib o‘tsak:
• Har bir bola yashash huquqiga ega – har bir BMTga a’zo-davlat bola sog‘lig‘ining rivojlanishi va yashashi uchun maksimum darajada sharoit bilan ta’minlaydi;
• Har bir bola tug‘ilishi zahoti ism va fuqarolikka ega bo‘lish huquqiga ega – har bir BMTga a’zo-davlat xalqaro xujjatlar asosida milliy qonunchiligi bo‘yicha amalga oshiradi;
• Har bir bola o‘z fikrini erkin bildirishi, fikr, vijdon va diniy erkinliklarga ega – har bir BMTga a’zo-davlat bolalarni ota-onasi va vasiylari tomonidan o‘z bolalarini qonuniy boshqarish metodlarini hurmat qiladi;
• BMTga a’zo-davlatlar bolalarga nisbatan har qanday jismoniy va ruhiy tazyiqlardan himoya qilish uchun ma’muriy, ijtimoiy choralar ko‘rishi shart.
O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan birinchilardan bo‘lib ratifikatsiya qilgan xalqaro xujjatlardir biri aynan shu Konvensiyadir. O‘zbekiston Respublikasi oliy kengashining 1992 yil 9 dekabridagi 757-XII-sonli qaroriga muvofiq qo‘shilgan. Kuchga kirgan sanasi esa 1994 yil 29 iyul kunidir.
Milliy qonunchilik. Bola huquqi uchun kim javobgar?
Bola va uning huquqlari, uni voyaga yetkazish bo‘yicha kimlar javobgar va mas’ul organlar qaysilar? Qonunchilikdagi iyerarxiya bo‘yicha tahlil qilsak. Dastavval, bosh qomusimiz sanalmish Konstitutsiyaning 64-moddasida, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar, deya keltirilgan. Ya’ni, har bir bola uchun uning o‘z ota-onasi mas’ul. Bu haqda Oila kodeksining 75-moddasini varaqlasak. Unda ota-onalik huquqini amalga oshirish bo‘yicha bir qator normalar belgilangan. “O‘z ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi”. Mazkur kodeksning 79-moddasida ota-onalik huquqidan mahrum bo‘lish sabablari keltirilgan. Ular:
• ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;
• uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
• ota-onalik huquqini suiiste’mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatsa;
• muttasil ichkilikbozlik yoki giyovandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;
• o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Ota-onalik huquqidan mahrum qilish faqatgina sud tartibida amalga oshiriladi.
Shuningdek, agar ota-ona bolalar oldidagi majburiyatini bajarmasa, nafaqat ota-onalik huquqidan mahrum qilinadi, balki ma’muriy javobgarlikka ham tortilishi mumkin. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bu bo‘yicha alohida javobgarlik belgilangan.
Bola kim? Uning qanday huquqiy kafolatlari mavjud?
2008 yil 7 yanvarda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Ushbu qonunda bola huquqlari sohasida ko‘plab masalalarga to‘xtalib o‘tilgan.
Bola – 18 yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar).
Qonunda yuqorida sanagan huquqlar qatori xususiy mulkka bo‘lgan huquqi, turar joyga bo‘lgan huquq, mehnat qilish huquqi (faqat 16 yoshdan), bilim olish huquqlarining kafolatlari berilgan. Bundan kelib chiqadiki, har bir bola uchun uning ota-onasi qatori davlat ham mas’uldir.
Bola huquqlarini kafolatlari, vasiylik va homiylik masalalarida mutasaddi tashkilotlar:
• Vazirlar mahkamasi;
• Xalq ta’limi vazirligi;
• Sog‘liqni saqlash vazirligi;
• mahalliy davlat hokimiyati organlari.
O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida Nizomga muvofiq vasiylik va homiylik faoliyatini voyaga yetmaganlarga nisbatan — tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari amalga oshiradi.
Ochig‘ini aytish kerak, vasiylik va homiylik organi haqida faqatgina qonunchilikdan topdik, xolos. Bu organni amalda biror marta eshitmaganmiz ham. Bilasizki, O‘zbekistonda ajrimlar soni yil sayin ko‘tarilib bormoqda.
Yilning oxirida Adliya vazirining 23000 nomli videoroligidagi mazkur raqam ham holat qanday jiddiy ekanligini anglatadi. Bu raqamlar ortida qancha go‘daklar yetim qolganligini, yo otasining yoki onasining mehriga zor bo‘lib kelayotganini anglatadi.
Bola huquqlarida boshqa muammolar
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Madina Muxtorovaning voyaga yetmagan o‘g‘li bilan bog‘liq mojaro o‘zbek jamiyatidagi bolalarga oid qonunchilik, uning qanchalik ijro etilayotgani, bolalarga nisbatan jamiyatdagi zo‘ravonlik qay holatda ekanini yanada yaqqol ko‘rsatdi. Balki Muxtorovaning farzandi bilan bog‘liq holatda bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilmagandir. Lekin bu muammo jamiyatda mavjud. Bola huquqlari masalasida UNICEF O‘zbekistonda vaziyat og‘ir ekanligini bot-bot eslatib kelmoqda. O‘zbekistonda faqatgina 17 foiz bolalar parvarishlash uchun nafaqa olishi, o‘tkazilgan tadqiqotlarda mamlakatdagi bolalarda anemiya, temir defitsiti, vitamin A defitsiti uchrayotgani haqiqiy ahvolni ko‘rsatib turibdi.
Onalar tomonidan o‘z farzandini sotishi ham jiddiy muammolaridan biridir. Shu yilning o‘zida bunday jinoyatlar haqida OAVda ko‘p duch keldik. Namanganlik ayol o‘z farzandini 500 dollarga sotmoqchi bo‘ldi. Bu jinoyatda yana tug‘ruqxona xodimi bilan til biriktirgani muammolar bisyor ekanligini ko‘rsatmoqda.
Surxondaryolik ayol bolasini tug‘ib, bozordagi hojatxonaga tashlab ketdi. Bu masalada jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ammo ona bolaga bo‘lgan ota-onalik huquqidan mahrum etilganmi yoki yo‘q, biror tashkilot bayonot bermadi.
Bolalarga bo‘lgan zo‘ravonlik jamiyat onggiga ham singib ketgan. Buni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma misolida ham ko‘rish mumkin. Unga ko‘ra, 44,4 foiz sinf rahbarlari, 39,5 foiz fan o‘qituvchilari, maktab psixologlari va 45,2 foiz ota-onalar bolani jismoniy jazolash mumkin deb hisoblaydilar. Markaz bu raqamlardan xavotirga tushgan.
LiveBarchasi