Madina Muxtorova prokuraturadan shifoxona videoyozuvlarini tekshirishni so‘ramoqda
Jamiyat
−
04 yanvar 2020
14149Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tashabbusi bilan bugun, 4 yanvar kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Madina Muxtorova va uning o‘g‘illariga oid ish yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Muxtorova prokuraturadan shifoxonadagi yozuvlarni tekshirishni so‘radi.
U so‘zini boshlashdan avval savollar ko‘pligi, ularga oydinlik kiritishga tayyorligini, ammo bloger va jurnalistlarning savollariga yolg‘iz javob berishi qiyinligini aytdi.
“Mana men sizlarning huzuringizdaman. Sizlarga katta rahmat. Mening bolam uchun jon kuydirayotganingiz uchun rahmat. Qarindoshlar bo‘yicha berilgan savolga kelsak, men o‘shandan so‘ng eshigimni berkitib oldim. Ular hammani yig‘ib kelibdi. Hammani qo‘zg‘atgan men emas, o‘sha. Undan so‘raysizlar. Uning uyiga ham bordim. Telefoniga tusha olmadim”, deya ta’kidladi Madina Muxtorova.
Aktrisaning bu so‘zlariga yig‘ilganlar tomonidan ko‘plab e’tirozlar bildirildi. Aktrisaga shifoxonada qo‘lga olingani va qarindoshlari masalasida savollar berildi.
“Bolaning ruhiyatiga ta’sir qildi. Bolamga telefon qildim, qayerdaligini so‘radim. U qo‘rqqayotganini, eshik taqillayotganini aytdi. Kelib yordam berishimni aytdi. Ular keyin “qo‘shimchalar”i bilan yetib keldi. Blogerlar bilan yetib keldi. Men eshikni ochmadim. Agar o‘sha qarindoshim menga shunchalik yaqin bo‘lganida eshikni ochardim, ichkariga kirgizardim. Kira olmaganidan keyin “pod’ezd”im tagida intervyu berdi”.
Aktrisa shuningdek qarindoshining muttasil savollari va shifoxonada qo‘lga olingani bo‘yicha gap-so‘zlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Kasalxonaga u (qarindoshim) olib bormadi. Borib surishtiringiz mumkin. Men bir yil oldin ham shifoxonaga olib borganman. O‘sha vaqtlarda (bir yil oldin) undan bolamga yordam berishini so‘raganman. Chunki tinmay so‘rab turadi-da. “Nima qilyapsiz, qayerdasiz, nimaga televizorga chiqmayapsiz, nimaga kinoda yo‘qsiz?” degan savollar ko‘p beraverardi. Hammasini biladi-da, keyin kinoga taklif qilishsa, o‘sha kino yo‘q bo‘ladi. Televizorga taklif qilishgani, qaysi rol berilishini aytsam, o‘sha rol yo‘q bo‘lib qoladi.
Meni kasalxonada qo‘lim bog‘lanib olib ketilgani haqida aytibdi. Mana prokuratura xodimlari! Ularga iltimosim bor. Shunaqa olomonni bezovta bo‘lishiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, borib tekshirishsin. Agar men shifoxonada qo‘lga olingan bo‘lsam, borib tekshiringlar. Videoyozuvlar bordir. Joyini, vaqtini aniqlashtirib ko‘rib chiqinglar”, deydi Madina Muxtorova prokuratura xodimlariga qarata.
Eslatib o‘tamiz, Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi