Qadoqdagi zahar. Saraton, bepushtlik va o‘limni pulimizga sotib olyapmiz
Intervyu
−
23 aprel 28115 4 daqiqa
Dunyo miqyosida eng katta daromad keltirayotgan sohalardan biri haqida gap ketganda, ko‘pchilik qurol-yarog‘ savdosini tilga oladi. Ammo haqiqat bundan boshqacharoq. Inson ongiga muntazam reklama orqali singdirilgan dori-darmonlar, biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) va vitaminlar bozori allaqachon milliardlab foyda keltirayotgan global biznesga aylanib ulgurgan.
“Har qanday kasallikka davo”, “tez ozdiradi”, “semirtiradi”, “yoshartiradi” kabi shiorlar bilan reklama qilinayotgan qo‘shimchalar ko‘pchilikni o‘ziga jalb qiladi. Ammo savol tug‘iladi: rostdan ham bu vositalar shunchalik mo‘’jizakormi? Bu borada qariyb 50 yillik tajribaga ega tibbiyot fanlari doktori, Sanitariya, gigiyena va kasbiy kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti, Ovqatlanish gigiyenasi laboratoriyasi mudiri professor Anatoliy Xudayberganovning so‘zlariga ko‘ra, mushak hajmini oshirish uchun iste’mol qilinadigan ayrim protein qo‘shimchalari erkaklarda bepushtlikka olib kelishi mumkin.
“Sportchilar uchun maxsus boyitilgan ozuqa qo‘shimchalari ishlab chiqariladi. Ular orasida eng keng tarqalgani protein bo‘lib, bugungi kunda bunday mahsulotlar hatto oddiy do‘kon va bozorlarda ham ochiqcha sotilmoqda. Biroq bunday qo‘shimchalarni nazoratsiz qabul qilish 5–6 yildan keyin erkaklarda bepushtlikka olib kelishi mumkin. Shuningdek, V12 va V6 vitaminlarini ham me’yordan ortiq iste’mol qilish mumkin emas. Ularning ortiqcha miqdori moddalar almashinuviga ta’sir ko‘rsatib, endokrin kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, A vitamini chaqaloqlar uchun xavfli hisoblanadi – u shifokor tavsiyasisiz qabul qilinganda og‘ir asoratlarga, hatto o‘limgacha olib keladi”, deydi Xudayberganov.
Yana bir muhim ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchimiz – 2015 yilda qabul qilingan “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuning 10 moddasida bosh davlat sanitariya shifokorining vakolatlarida yangi oziq-ovqat qo‘shimchalarini, maxsus qo‘shiladigan biologik faol moddalarni, kimyoviy moddalarni, biologik vositalar va materiallarni, polimer va plastik massalarni, atir-upa va pardoz mahsulotlarini toksikologiya-gigiyena jihatidan baholash asosida ularning O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilishi va ishlab chiqarilishi uchun ruxsatnomalar berishi ko‘rsatilgandi.
Biroq 2026 yil 31 martda Adliya vazirligi tomonidan hisobga olingan “Biologik qo‘shimchalarni ishlab chiqarish korxonalariga, shuningdek biologik faol qo‘shimchalarning ishlab chiqarilishi, xavfsizligi va muomalasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror bilan BFQlarning ishlab chiqarilishi va ularning aylanmasiga qo‘yiladigan gigiyenik talablar o‘z kuchini yo‘qotmoqda.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 9 apreldagi 154-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori bilan endilikda jismoniy shaxslar xorijdan 10 xil nomdagi birlamchi qadoqda bo‘lgan 3 kilogrammgacha biologik faol qo‘shimchalarni har biridan bitta qadoqdan oshmagan miqdorda bemalol olib kirishlari mumkin. Bu esa nazorat masalasini yanada dolzarb qiladi. Tahririyatga kelib tushgan murojaatlar ham aynan shu muammoni ko‘rsatmoqda. Ko‘pchilik ozish yoki semirish maqsadida katta mablag‘ sarflab, oxir-oqibat sog‘lig‘idan ayrilganini bildirdi.
“Men 10 yil rosa ichganman. Birinchi ichganimda sakkizinchi sinf edim. O‘shanda dorixonadan juda qimmatga olganman. Keyin har xil ozdiradigan dori, BADlarni ichib jigarimni ishdan chiqardim”, deydi murojaatchilardan biri.
BFQ dori vositasi bo‘lmagani tufayli ushbu mahsulotni istalgan tadbirkor ishlab chiqarishi mumkin. O‘zbekistonda ham mazkur faoliyat bilan shug‘ullanadigan bir qancha ishbilarmonlar bor. Ushbu mahsulotlarni ishlab chiqarish ham sotish ham ancha oson. Internet marketingining ishonuvchan foydalanuvchilari reklamalarga yoki reklama qilayotgan mashhurlarning so‘zlariga ishonib faol qo‘shimchalarni sotib olmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, reklama qonunchiligida taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining dori vositalarini, alohida shaxslarning minnatdorligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vosita ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish taqiqlanish belgilab qo‘yilgan. Biroq biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi bo‘lmagani uchun mazkur taqiq ishlamaydi. Shu sababli, ushbu mahsulotlar ishlab chiqarilishi, kirib kelishi hamda reklama qilinishi ortgan. Bu esa kishilar hayotini xavf ostida qoldirishi mumkin.
Sog‘liq – tajriba maydoni emas. BFQ va vitaminlar oddiy qo‘shimcha bo‘lib ko‘rinsa-da, ularning har biri organizmga ma’lum darajada ta’sir qiladi. Noto‘g‘ri dozada yoki o‘zboshimchalik bilan qabul qilinganda ular foyda o‘rniga zarar yetkazishi, hatto mavjud kasalliklarni kuchaytirishi mumkin. Har qanday qo‘shimchani qabul qilishdan avval mutaxassis bilan maslahatlashish – bu ortiqcha ehtiyot emas, balki ongli tanlovdir.
Tafsilotlar bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
BarchasiDehqonobod tumaniga sel keldi
23 aprel