O‘zbekistonda davlat organlari “yashil reyting” asosida baholanadi
Jamiyat
−
11:06 1073 2 daqiqa
O‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining ekologik samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, reyting tizimi davlat xizmatchilari o‘rtasida resurslardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligi va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida joriy etiladi. Bunda vazirliklar, idoralar va hokimliklar faoliyatining natijalari asosida maxsus “yashil reyting” bo‘yicha baholanadi.
Reytingni shakllantirish va yuritish bilan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi shug‘ullanadi. Natijalar har yili qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda maxsus tashkil etiladigan greencities.uz ochiq elektron platformasida e’lon qilinadi.
Loyihaga muvofiq, davlat idoralarida qator “yashil” tashabbuslar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Jumladan:
- “Yashil ofis” tamoyillarini joriy etish;
- qog‘oz sarfini qisqartirish va elektron hujjat aylanmasini kengaytirish;
- quyosh panellari kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish;
- yashil hududlar maydonini kamida ikki baravar oshirish;
- binolarda energiya tejovchi va “aqlli boshqaruv” texnologiyalarini tatbiq etish;
- chiqindilarni saralash tizimini joriy qilish;
- velosipedda ishga kelish uchun sharoit yaratish;
- suv va elektr energiyasini tejovchi uskunalardan foydalanish.
Shuningdek, ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etgan xodimlarga “Ekofaol xodim” maqomi berilishi va moddiy rag‘batlantirilishi rejalashtirilgan. Davlat xizmatchilari faoliyatini baholash ko‘rsatkichlariga ham ekologik mezonlar kiritiladi.
Reyting har yili yil yakuni bo‘yicha bir nechta yo‘nalishlar asosida baholanadi. Ular qatoriga tabiiy resurslardan foydalanish samaradorligi, suv va energiya tejamkorligi, yer resurslaridan oqilona foydalanish, chiqindilarni boshqarish, havo va suv ifloslanishini kamaytirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, ekologik targ‘ibot va raqamlashtirish kabi mezonlar kiradi.
Baholash natijalari uch toifaga ajratiladi:
- 60–100 ball – yuqori samaradorlik;
- 40–59 ball – o‘rtacha samaradorlik;
- 39 balldan past – past samaradorlik.
Ma’lumotlar davlat organlari tomonidan har olti oyda maxsus platformaga kiritib boriladi va boshqa davlat axborot tizimlari orqali avtomatik tekshiriladi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ekologiya qo‘mitasi 2027 yil 1 yanvarga qadar greencities.uz platformasini ishga tushirishi hamda uni davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilishi lozim bo‘ladi.
Hujjatda qayd etilishicha, reytingni shakllantirish jarayonida yolg‘on ma’lumot taqdim etgan yoki ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda oshirgan davlat organlarining tegishli hisobot yili uchun reyting natijalari bekor qilinishi mumkin.
Live
Barchasi