“Lukoyl” sanksiyalar tufayli xorijdagi aktivlarini sotadi

Olam

image

Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalaridan biri “Lukoyl” o‘zining xorijdagi aktivlarini sotish qarorini e’lon qildi. Bunga sabab sifatida “bir qator davlatlar tomonidan kompaniyaning o‘zi va uning shu’ba korxonalariga nisbatan joriy etilgan cheklov choralari” ko‘rsatildi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytida e’lon qilindi.

“Potensial xaridorlardan kelgan takliflar ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, aktivlarni sotish jarayoni AQSH Moliya vazirligi tarkibidagi Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) tomonidan berilgan litsenziya doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu litsenziya “Rosneft” va “Lukoyl” bilan bog‘liq bitimlarni bosqichma-bosqich to‘xtatishni tartibga soladi.

OFAC “Lukoyl” bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni tugatish uchun bir oy muddat belgilagan va bu muddat joriy yilning 21 noyabrida yakunlanadi. Shu qoidalar “Rosneft” kompaniyasiga ham tatbiq etilgan. Cheklovlar, shuningdek, ularning 50 foizdan ortiq ulushga ega shu’ba korxonalariga ham taalluqli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 oktyabr kuni AQSH Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilganini e’lon qilgan edi. Sabab sifatida Moskvaning Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha “tinchlik jarayoniga jiddiy qiziqish bildirmagani” ko‘rsatildi.

Hujjatda qayd etilishicha, sanksiyalar Rossiya hududida joylashgan “Lukoyl” va “Rosneft” kompaniyalarining shu’ba korxonalariga tatbiq etiladi. Umuman olganda, AQSH Moliya vazirligi ro‘yxatiga 34 ta sho‘ba korxona kiritilgan. Ularning 28 tasi “Rosneft”ga, 6 tasi esa “Lukoyl”ga tegishli.

Shuningdek, “bloklangan shaxslar”ning 50 foiz yoki undan ko‘prog‘iga egalik qiluvchi barcha yuridik shaxslarning aktivlari ham muzlatiladi. Bunday cheklovlarni buzgan AQSH yoki xorij fuqarolariga fuqarolik yoki jinoiy javobgarlik choralarini qo‘llash nazarda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya neft' Lukoyl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing