Lukashenko yettinchi bor prezident saylovida g‘olib bo‘ldi

Olam

image

Belarusni 30 yildan beri boshqarayotgan Aleksandr Lukashenko yettinchi muddatga qayta saylanadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi rahbari Igor Karpenko ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, saylovchilarning 86,82 foiz qismi Lukashenkoni qo‘llab ovoz bergan. Lukashenko ertalab o‘zi ovoz berganidan so‘ng, 4,5 soat davom etgan matbuot anjumani o‘tkazdi. U bu anjumanda o‘z vorisini tanlash masalasini hozircha ko‘rib chiqmayotganini ta’kidladi.

“Biz hozircha ushbu saylovlar bilan yashayapmiz. Saylovlardan keyin bu haqda o‘ylaymiz”, dedi u.

Kecha, 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Belarus prezidenti saylovlarida Lukashenkodan tashqari yana to‘rt nomzod qatnashdi:

  • Oleg Gaydukevich – Liberal-demokratik partiya (LDP) yetakchisi va parlament quyi palatasi deputati. Ovozlarning 2,02 foiz qismini oldi.
  • Anna Kanopatskaya – tadbirkor va 2016–2019 yillarda parlament deputati bo‘lgan. 2020 yilgi prezidentlik saylovida ham qatnashgan. Ovozlarning 1,86 foiz qismini oldi.
  • Sergey Sirankov – 2024 yil may oyidan Kompartiyaning Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi. Ovozlarning 3,21 foiz qismini qo‘lga kiritdi.
  • Aleksandr Xijnyak – Mehnat va adolat respublika partiyasi raisi va Minsk shahar deputatlar kengashi a’zosi. U 1,74 foiz ovoz oldi.

Shuningdek, 3,6 foiz saylovchilar “hammaga qarshi” ovoz bergan.

Ma’lumot uchun, 2020 yilda Belarusda prezidentlik saylovlaridan so‘ng ko‘p kunlik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Ularning ishtirokchilari Aleksandr Lukashenkoning g‘alabasini tan olishni rad etgan. Ushbu saylovlarda bir qator muxolifat vakillari ishtirok etishga urinib ko‘rgan, ammo ularning ba’zilari saylovoldi jarayonlaridan chetlatilgan yoki qamoqqa olingan. Masalan, Sergey Tixanovskiy – bloger va prezidentlikka nomzod. Saylov oldidan qamoqqa olingan va 2021 yilda 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Viktor Babariko – bankir, saylovda qatnashish uchun ariza topshirgan, biroq ro‘yxatdan o‘tkazilmagan. 2021 yilda moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, 14 yilga qamalgan. Valeriy Sepkalo – tadbirkor va yuqori texnologiyalar parkining sobiq rahbari. Unga qidiruv e’lon qilingandan so‘ng Belarusni tark etgan va sirtdan 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

2020 yilgi saylovlarda Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Lukashenko 80,1 foiz ovoz bilan g‘olib bo‘lgan, muxolifat nomzodi Svetlana Tixanovskaya esa 10,12 foiz ovoz olgan. Saylovdan so‘ng Tixanovskaya Belarusni tark etgan va xorijda siyosiy faoliyatini davom ettirgan. U 2023 yilda sirtdan 15 yilga qamalgan.

2022 yilda Belarusda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, prezident ketma-ket ikki muddatdan ortiq lavozimni egallay olmaydi, prezident lavozimidan ketganidan keyin javobgarlikka tortilmaydi, barcha Belarus xalq yig‘ini (VNS) konstitutsion organ maqomini oldi. 2024 yilda Belarusda parlament saylovlari, mintaqaviy kengashlarga va VNS delegatlariga saylovlar o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 yanvar kuni Belarusda prezidentlik saylovlari boshlangani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Lukashenko Belarus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing