Lukashenko yana qasamyod qildi. Inauguratsiya kuni sir tutilgandi
Olam
−
23 Sentabr 2020
8090Aleksandr Lukashenko rasmiy ravishda Belarus Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishdi. Bugun, 23 sentyabr kuni Minskdagi Mustaqillik saroyi – davlat rahbarining rasmiy qarorgohida Inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, Lukashenko xalqqa Belarus tilida qasamyod qildi va tegishli hujjatni imzoladi. Unga prezidentlik guvohnomasini MSK rahbari Lidiya Yormoshina topshirdi.
So‘nggi lahzaga qadar Belarus rasmiylari inauguratsiyaning rasmiy sanasini ma’lum qilmagan edilar. Qonunga ko‘ra, yangi prezident saylovlarning rasmiy natijalari e’lon qilinganidan keyin ikki oydan kechiktirmay o‘z lavozimiga kirishishi kerak. Bu yil ushbu muddat 9 oktyabrda tugaydi.
BelTAning qayd etishicha, inauguratsiya marosimida bir necha yuz kishi ishtirok etgan: yuqori lavozimli shaxslar, Vakillar Palatasi deputatlari va Respublika Kengashi a’zolari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, olimlar, madaniyat va sport arboblari.
RBKning yozishicha, 2015 yilda Lukashenkoning inauguratsiyasida 1000 ga yaqin odam qatnashgan: Hukumat a’zolari, deputatlar, chet ellik mehmonlar. Shuningdek, mehmonlar qatorida Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasining rahbari Gennadiy Zyuganov va Ukrainaning sobiq Prezidenti Leonid Kuchma ham bor edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 avgustida Belarusda navbatdagi prezidentlik saylovi o‘tkazildi. Unda 26 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko ham ishtirok etib, 80 foizdan ortiq ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi.
9 avgust kuni Belarusda o‘tkazilgan prezidentlik saylovining natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, Minskda namoyishlar boshlandi. Odamlar Lukashenkodan iste’foga chiqishini talab qildi. Hukumat namoyishchilarga qarshi OMON bo‘linmasini ishga soldi. Ikki o‘rtada to‘qnashuvlar ham bo‘ldi.
LiveBarchasi