Lukashenko To‘qayev va Putinga qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol so‘radi

Olam

image

Bugun, 5 yanvar kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Belarus Prezidenti ma’muriyati ma’lum qilmoqda. 

“Belarus prezidenti dastlab rus, keyin qozog‘istonlik hamkasblari bilan Qozog‘istondagi vaziyat yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazdi”, deyiladi rasmiy xabarda. 

Qayd etilishicha, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB)ga a’zo barcha davlatlar rahbarlari doimiy aloqada bo‘lib turibdi.  

Uch taraflama muloqot haqida Rossiya Prezident ma’muriyati miq etmagan.

Lukashenkoga esa namoyishlar begona emas. Ma’lumki, 2020 yil 9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Belarus Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko 80,08 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Uning asosiy raqobatchisi bo‘lgan Svetlana Tixanovskaya 10,12 foiz ovoz to‘pladi. Muxolifat natijalarni soxtalashtirilgan deb e’lon qildi va Minsk va mamlakatning boshqa shaharlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar bir necha oygacha davom etdi.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko Qosim-Jomart To'qaevQozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

239

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing