Lukashenko G‘arb bilan aloqalarini istasa ham buzolmasligini tan oldi
Olam
−
11 avgust 2023
7055Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan munosabatlarni yo‘qotmaslik kerak, deb hisoblaydi. Bu haqda u Minsk milliy aeroporti hududida joylashgan tashkilotlarning mehnat jamoalari bilan uchrashuvi chog‘ida aytib o‘tdi.
"Hozir biz birinchi navbatda Sharq hisobiga yashayapmiz – biz Rossiya, Xitoy bilan hamkorlik qilamiz. Lekin yuqori texnologiyali G‘arbni unutmasligimiz kerak. Ular yaqin, Yevropa Ittifoqi – bizning qo‘shnimiz, ular bilan munosabatlarni yo‘qotib bo‘lmaydi. Hozir shunday notinchlik bor, sizning tilingizda aytganda, qiyinchiliklar ko‘p. Ishonchim komilki, 2024-2025 yillarda dunyoda jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi”, degan Lukashenko.
Aytilishicha, o‘tgan oyda Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda ham Aleksandr Lukashenko hukumat va Tashqi ishlar vazirligiga g‘arbiy qo‘shnilar bilan yaxshi qo‘shnichilik va tinchlik rejasini taklif qilishni topshirgan.
"Polyaklar bilan gaplashish kerak. Bosh vazirga ular bilan bog‘lanishni topshirdim. Agar xohlasalar, gaplashaylik, munosabatlarni yaxshilaymiz. Biz qo‘shnimiz, lekin qo‘shni tanlanmaydi, ular Xudodan. Lekin ularda 15 oktyabrda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ular mamlakatni qayta qurollantirganini ko‘rsatishi uchun hozir vaziyatni keskinlashtirishi kerak. Shu bois, 15 oktyabrgacha qo‘shnimiz o‘zi va biz uchun foydali bo‘lgan jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirishi dargumon. Ular bizdan ko‘p narsani talab qiladi va so‘raydi, lekin biz bunga rozi bo‘la olmaymiz, chunki bu bizning manfaatlarimizga zid”, deydi Belarus fuqarosi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Polsha o‘z-o‘zidan mintaqadagi vaziyatni og‘irlashtirayotgani yo‘q, bunga AQSH majbur qilmoqda.
"Amerikaliklar Polshaga tikdi. Lekin polyaklar ahmoq xalq emas. Ular bizning odamlar, slavyanlar. Ular hamma narsani yaxshi tushunadi. Sabr qilaylik, ko‘ramiz. Hamkorlik uchun ochiqmiz", degan Lukashenko.
Eslatib o‘tamiz, “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Belarusga o‘tgani, shuningdek, Rossiya mamlakatga taktik yadro qurolini joylashtirganidan so‘ng Minskning qo‘shnilari u bilan chegarani mustahkamlay boshlagandi. Xususan, Latviya bugun, 11 avgustdan Belarus bilan chegarada kuchaytirilgan xavfsizlik rejimini joriy qildi. Litva Prezidenti Gitanas Nauseda esa mamlakatning Belarus bilan chegarasini butunlay yopishni istisno qilmasligini aytdi. Polsha esa muntazam armiyasini deyarli ikki baravar oshirishini, Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha 10 ming nafar askar joylashtirishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Polsha Mudofaa vaziri Mariush Blashak Rossiya va Belarus bilan chegarada sapyorlar bataloni tashkil etilishini aytdi.
LiveBarchasi