London Ukrainaga yordam berish uchun yarim milliard funt sterling ajratmoqda

Olam

image

Buyuk Britaniya hukumati Ukrainaga mamlakat tarixidagi 617 million dollar (500 million funt sterling) miqdoridagi eng katta yordam paketini taqdim etmoqda. Bu haqda Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak ma’lum qildi.

“E’lon qilingan qo‘shimcha mablag‘ Ukrainaga zudlik bilan zarur bo‘lgan o‘q-dorilar, havo mudofaa tizimlari, dronlar va muhandislik jihozlarini tezkor yetkazib berishga yo‘naltiriladi”, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida.

Qayd etilishicha, yangi yordam paketi bilan birgalikda 2024 yilda Buyuk Britaniya tomonidan Ukraina uchun ajratiladigan mablag‘larning umumiy miqdori uch milliard 700 million dollarga yetadi.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan harbiy yordam paketi 1600 dan ortiq zarba beruvchi va zenit-raketalarni, jumladan parvoz masofasi taxminan 250 kilometr bo‘lgan Storm Shadow qanotli raketalarining yangi partiyasini o‘z ichiga oladi. London, shuningdek, Kiyevga 60 ta qayiq, 160 ta Husky zirhli avtomobili, 162 ta boshqa zirhli texnika, 78 ta yerusti transporti va to‘rt millionga yaqin o‘q-dorilarni topshirishni rejalashtirmoqda.

Qo‘shma Shtatlar ham Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. U mart oyida taqdim etilgan 300 million dollarlik paketdan ancha katta bo‘lishi kutilmoqda. “Politico”ning amerikalik rasmiylarga tayanib yozishicha, yangi yordam paketi tarkibiga zirhli texnikalar va Bredli piyodalarining jangovar mashinalari, shuningdek, artilleriya va havo hujumidan mudofaa snaryadlari kiradi.

Amerika matbuoti xabariga ko‘ra, Pentagon Ukrainaga harbiy yordamning katta partiyasini oldindan tayyorlab qo‘ygan, shuning uchun unga ajratmalar tasdiqlanganidan keyin Ukraina armiyasiga qurol va o‘q-dorilarni yetkazib berish bir haftadan kamroq vaqtni oladi.

Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi Ukrainaga 60 milliard 800 million dollar miqdorida yordam paketini tasdiqlagandi. Rasmiylar paket bo‘yicha yetkazib berish AQSH Prezidenti Jo Bayden 61 milliard dollarlik Ukrainaga yordam loyihasini imzolaganidan so‘ng darhol boshlanishini kutmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Buyuk Britaniya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing