“Lokomotiv” va Kaxi Maxaradze kelishilgan o‘yinlarda ayblanyapti

Sport

image

Toshkentning “Lokomotiv” klubi futbolchisi Kaxi Maxaradze kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, Maxardze “Lokomotiv”ning o‘yinidagi natijalarni juda aniqlik bilan “bashorat” qilgan va u bu qobiliyati orqali bukmekerlik kompaniyalaridan yaxshigina pul ishlagan. Tegishli ma’lumotlar o‘zni bukmekerlik kompaniyasining inspektori deb tanishtirgan shaxs tomonidan matbuotga sizdirilgan.

O‘zbek matbuotida tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, gruziyalik futbolchi kelishilgan o‘yinlarning asosiy qahramoni emas. Ushbu mojaroga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslar ham aniqlanishi kerak va ularga tegishli tarzda jazo qo‘llanilishi lozim.

Ushbu vaziyatga O‘zbekiston professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxo‘jayev ham munosabat bildirib, xalq o‘z “qahramonlarini” tanishi kerakligini aytgan.

Imomxo‘jayevning ta’kidlashicha, yosh avlod har qanday nojoiz ish shunchaki jazosiz qolib ketmasligini anglashi shart.

“Qing‘ir ishning qiyig‘i albatta chiqishi kerak. Bir necha kun davomida asosiy mavzu “Lokomotiv” va Kaxi bo‘lishi shubhasiz. Sizdirilgan ma’lumot O‘FA inspeksiyasini hayratga solayotgani yo‘q, chunki yig‘ilib kelayotgan yana boshqa ma’lumotlar, ishlar bor. Futbol tozalanishi kerak va O‘FA inspeksiyasi shuning harakatida. Ishonamanki, vaqti bilan mashhur hakamlar va futbolchilarning ham bir necha yillar avval qilgan ishlari ochiladi. Xalq o‘z “qahramonlarini” bilishi kerak. Yosh avlod esa har qanday nojoiz ish shunchaki qolib ketmasligini his qilishi shart”, degan O‘zPFL direktori.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Kaxi Maxardze va “Lokomotiv” atrofidagi gap-so‘zlarga munosabat bildirganicha yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

“Lokomotiv”

Baholaganlar

201

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing