Liviyadagi halokatli toshqin tufayli amaldorlar hibsga olindi
Olam
−
27 Sentabr 2023
4760Liviya bosh prokurori mamlakatda 11 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan suv toshqinlari sababli sakkiz nafar rasmiyni hibsga olishga buyruq berdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Tabiiy ofatdan so‘ng ishdan bo‘shatilgan Derna meri Abdel-Moneym al-Haiti so‘roqqa tutilganlar orasida.
Shuningdek, prokurorlar Suv xo‘jaligi va To‘g‘on boshqarmasi xodimlariga tergov tugaguniga qadar hibsda qolishini ma’lum qilgan.
Ular noto‘g‘ri boshqaruv, beparvolik va falokatga olib kelgan xatolarda ayblanmoqda. Prokurorlarning aytishicha, rasmiylar ayblovdan qochish uchun yetarlicha dalillar keltirmagan.
Liviyadagi to‘g‘onlar 1970 yillarda sobiq Yugoslaviya kompaniyasi tomonidan shaharni ikkiga bo‘lib turgan daryo vodiysi ustida qurilgan. 2007 yilda turk firmasi ikkita to‘g‘onga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagan.
Davlat audit agentligining 2021 yilgi hisobotida aytilishicha, 2012 va 2013 yillarda ushbu maqsadlar uchun 2 million dollardan ortiq mablag‘ ajratilganiga qaramay, ikkita to‘g‘on saqlanib qolmagan. Butun mamlakat bo‘ylab mutaxassislar to‘g‘onni ta’mirlash zarurati haqida bir necha bor, shu jumladan, o‘tgan yil ham ogohlantirgan.
Liviyada epimarkazi Derna shahrida bo‘lgan toshqin oqibatida 11 ming kishi halok bo‘ldi, 20 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qoldi. Shu yilning 10 sentyabrida “Daniel” to‘foni Liviya sharqiga yetib kelgan edi. Dovul oqibatida Dernani o‘rab turgan ikkita to‘g‘on yorilib, toshib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devori yorilib, suv toshqini yuzaga kelgan edi. Mutaxassislarning mazkur holat yuzasidan bergan dastlabki xulosalarida suv to‘g‘onining o‘pirilishiga noqulay ob-havo sharoiti, yomg‘ir va kuchli shamol, turli kemiruvchilar, tulkilar yoki yirik laqqa baliqlar sabab qilib ko‘rsatilgan edi.