Tailandda suv toshqinlari oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
13:02 133 2 daqiqa
Tailandda davom etayotgan suv toshqinlari oqibatida 40 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Bangkok Post” xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng katta zarar mamlakatning markaziy qismida kuzatilgan. Bu hududda 2 208 kvadrat kilometr, sharqda 284 kvadrat kilometr, shimoli-sharqda 236 kvadrat kilometr va g‘arbiy hududlarda 8 kvadrat kilometr yer suv ostida qolgan. Tailand Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, toshqinlar oqibatida 40 kishi halok bo‘lgan, yana bir qator fuqarolar jabrlangan.
Bangkokda suv toshqinlariga qarshi kurashish uchun ko‘chma suv nasoslari o‘rnatilgan. Ular Bang Kapi tumanidagi Keha Klong Chan turar joy majmuasida suv sathini qariyb 30 santimetrga pasaytirishga yordam bergan.
Shuningdek, poytaxtning 15 tumanidagi 748 ta aholi yashash hududi hanuzgacha suv ostida qolmoqda. Rasmiylar aholiga suv bosgan ayrim yo‘llardan foydalanmaslikni tavsiya qilgan.
Tailandning g‘arbiy qismidagi Kanchanaburi viloyatida joylashgan Srinagarindra va Vajiralongkorn suv omborlaridan suv chiqarish ishlari uch kunlik tanaffusdan so‘ng qayta boshlangan. Bu jarayon Mae Klong daryosidagi suv sathini Kanchanaburi, Ratchaburi va Samut Songkxram provinsiyalarida 80 santimetrga oshirishi kutilmoqda.
Sharqdagi Prachin Buri provinsiyasida ham suv toshqinlari davom etmoqda. Hukumat vakiliga ko‘ra, hududdagi suv sathi chorshanba kuni eng yuqori darajaga yetishi, keyinchalik Nakhon Nayok va Chachoengsao provinsiyalariga ta’sir qilishi mumkin.
Suv toshqinlari oqibatida sharqiy hududlarda 52 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatilmoqda. Prachin Buri va Rayong provinsiyalaridagi uchta shifoxona qisman yopilgan bo‘lsa-da, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, og‘ir ahvoldagi bemorlarni Prachin Buridagi Chao Phya Abhaibhubejhr shifoxonasidan yaqin tibbiyot muassasalariga ko‘chirish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand poytaxti Bangkokda kuchli yomg‘ir sabab ko‘chalarni belgacha yetadigan suv bosgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi