Chilini suv bosdi: 10 kishi halok bo‘ldi, minglab uylar vayronaga aylandi

Olam

image

Chilida bir hafta davom etgan kuchli yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlarida kamida 10 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatning odatda quruq hisoblangan shimolidagi Atakama va Kokimbo hududlarida kuchli yog‘ingarchilik hamda shamol kuzatilmoqda. Prezident Xose Antonio Kast hukumati ushbu hududlarda favqulodda holat e’lon qilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 16 kishi tan jarohati olgan, 4 mingdan ortiq fuqaro xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan. Ulardan 1031 nafari vaqtinchalik boshpanalarga joylashtirilgan. Minglab aholi elektr energiyasi va ichimlik suvisiz qolgan. Shuningdek, kuchli yomg‘irlar 81 ta uyni butunlay vayron qilgan, 20 mingdan ortiq turar joy esa zarar ko‘rgan.

Chili Milliy tabiiy ofatlarga javob berish xizmati (“Senapred”) mamlakatning 16 hududidan 10 tasida yuzlab evakuatsiya ogohlantirishlarini e’lon qilgan. Daryolarning toshishi va suv bosgan yo‘llar 104 mingdan ortiq aholining hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

“Senapred” rahbari Alisiya Sebrianning aytishicha, yog‘ingarchilik kamaygan taqdirda ham tog‘ oldi hududlarida to‘plangan suv sabab daryolar sathi yana bir necha soat davomida ko‘tarilishi mumkin. Meteorologlar tabiiy ofatni Tinch okeanida suv haroratining ko‘tarilishi bilan bog‘liq El-Nino iqlim hodisasi qaytgani bilan izohlamoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu hodisa Janubiy Amerikaning janubiy qismida kuchli yog‘ingarchilik va boshqa ekstremal ob-havo hodisalarini yuzaga keltiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonning sharqidagi Nuriston viloyatida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘lgan edi hamda 100 nafardan ortiq odam bedarak yo‘qolgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing