Kataloniyani suv bosdi. Qurbonlar bor (video)

Olam

−

image

Ispaniyaning Kataloniya mintaqasida kuchli yomg‘irlar va suv toshqinlari oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Barselonaning shimolidagi Tordera shahrida devor qulab tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Yana bir o‘lim holati Montones-del-Valles shahrida qayd etilgan. Shuningdek, Barselonadan 52 kilometr shimolda joylashgan Pineda-de-Mar shahrida bedarak yo‘qolgan kishini qidirish ishlari olib borilmoqda.

Kataloniya rasmiylari kuchli yog‘ingarchilik sabab qizil darajadagi xavf ogohlantirishini e’lon qilgan. Aholiga 3 oktyabr kuni soat 20:00 dan 4 oktyabr kuni 14:00 gacha uylarini tark etmaslik tavsiya etilgan. Meteorologlar mintaqada “mini dovul” yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Kuchli yomg‘irlar Barselona yaqinidagi Belvitge va Kornelya hududlarida uylarni suv ostida qoldirgan, avtomobillarni suv bosgan. Shahardagi avtomobil yo‘llarida ham katta miqdorda suv to‘plangan. Noqulay ob-havo sabab Barselona aeroportida reyslar bekor qilingan yoki kechiktirilgan. Mahalliy poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan, do‘konlar odatdagidan ertaroq yopilgan.

Shuningdek, futbol uchrashuvlari bekor qilingan, Barselonadagi Liseu opera teatrida Juzeppe Verdining “Aida” operasi namoyishi ham o‘tkazilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandda davom etayotgan suv toshqinlari oqibatida 40 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing