Liviyada toshqin qurbonlari 11 mingga yetdi
Olam
−
15 Sentabr 2023
4385Epimarkazi Derna shahrida bo‘lgan toshqin oqibatida 11 ming kishi halok bo‘ldi, 20 mingga yaqin kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda “Al-Hadath” nashri xabar berdi.
Toshqin sababli Liviyadagi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi fuqarolar va qutqaruvchilarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
“Derna urushdan qolgan portlovchi moddalar bilan ifloslangan shahar ekanligi ma’lum. Suv toshqini natijasida o‘q-dorilar va mina qoldiqlari shaharga sochilib ketgan bo‘lishi mumkin”, deya ogohlantirgan tashkilot.
Ma’lumot o‘rnida, 10 sentyabrda “Daniel” to‘foni Liviya sharqiga yetib kelgan edi.
Sohil bo‘yidagi Beng‘ozi, Derna va Jabal al-Axdar shaharlariga zarar yetgan. Liviya hukumati sharqdagi Kirenaika provinsiyasidagi uchta tumanni falokat zonasi deb e’lon qilgandi.
Dovul natijasida Dernani o‘rab turgan ikkita to‘g‘on yorilib, toshib ketdi. Suv Liviya sharqida turar-joy mahallalarini yuvib, qirg‘oq bo‘ylab uylarni vayron qilgan. Rasmiylar favqulodda holat e’lon qildi. Maktablar va do‘konlar yopildi, komendantlik soati joriy etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Liviyada suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar 5,2 mingga yetgani haqida xabar bergandik.
Akobir Sayidov