Ebola “quturmoqda”: qurbonlar 4 mingdan oshdi

Olam

−

image

Kongoda Ebola virusi tarqalishi oqibatida 4018 kishi vafot etdi, tasdiqlangan holatlar soni esa 8300 taga yetdi. Bu haqda “Associated Press” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Mamlakatda Ebola epidemiyasi joriy yilning 15 may kuni boshlangan. Kasallikning ushbu avj olishi kam uchraydigan Bundibugyo virusi sabab yuzaga kelgan bo‘lib, hozircha uning ma’lum davolash usuli yoki vaksinasi mavjud emas.

Epidemiya markazi hisoblangan Ituri provinsiyasi poytaxti Buniada bir guruh tibbiyot xodimlari oylik maoshlari kechiktirilayotganiga norozilik bildirgan. Ular hukumatdan qarzlarni to‘lashni talab qilgan. Namoyishchilar orasida infeksiyaga chalingan bemorlar bilan aloqada bo‘lgan shaxslarni aniqlash bilan shug‘ullanuvchi kuzatuv guruhi xodimlari ham bo‘lgan.

Namoyishchilar “Pul bo‘lmasa, ma’lumot ham yo‘q” va “Bir necha oydan beri to‘lov yo‘q” mazmunidagi yozuvlarni ko‘tarib chiqqan. Biroq ular rasmiylar tomonidan tezda tarqatib yuborilgan.

Ma’lum qilinishicha, epidemiya boshlanganidan buyon tibbiyot xodimlari ish haqlarini talab qilib bir necha bor ish tashlagan. Bu esa kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlarni yanada qiyinlashtirgan.

Shuningdek, “Chegara bilmas shifokorlar” tashkilotining Kongoda ishlayotgan xodimlaridan biri Ebola virusini yuqtirgani ma’lum qilingan. U maxsus tibbiy reys orqali Niderlandiyaga olib ketilgan va Leyden universiteti tibbiyot markazidagi yuqori darajadagi izolyatsiya bo‘limiga joylashtirilgan.

JSST virusning yangi hududlarga tez tarqalayotganidan xavotir bildirgan. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, yangi aniqlanayotgan holatlar soni kamaygan, biroq bunga ayrim hududlardagi xavfsizlik muammolari va aholining tibbiyot xodimlari bilan hamkorlik qilishdagi qiyinchiliklar sabab bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, virusni yuqtirgan tibbiyot xodimlarining kamida 50 nafari vafot etgan.

Aholining tibbiyot xodimlari va hukumatga nisbatan ishonchsizligi ham epidemiyani jilovlashga to‘sqinlik qilmoqda. Rasmiylar o‘tgan oy kasallikka qarshi kurashda qishloqlarga yo‘naltirilgan yangi yondashuvni joriy qilgan, biroq ayrim aholi vakillari Ebolani uydirma deb hisoblab, ko‘rsatilayotgan choralariga qarshilik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida hukmron partiyaning yuqori lavozimli vakili Ebola epidemiyasi haqida radio orqali chiqish qilganidan keyin kaltaklab, o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing