Yonğin qurbonlari uçun aybdorlardan 1,3 mlrd sömgaça tovon puli undiriladi
Jamiyat
−
10:58 521 3 daqiqa
Özbekistonda yonğin xavfsizligi qoidalarini buziş oqibatida inson hayoti va soğliğiga zarar yetkazilgan taqdirda, aybdorlardan 1,3 milliard sömgaça tovon puli undirilişi belgilandi. Bu haqda joriy yilning 2 noyabr kuni qabul qilingan “Özbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qöşimça va özgartirişlar kiritiş töğrisida”gi qonunda nazarda tutilgan.
Yangi tartibga muvofiq, yonğin xavfsizligi qoidalarini buziş natijasida kelib çiqqan yonğin tufayli inson hayoti va soğliğiga zarar yetkazilsa, sud aybdor şaxs zimmasiga yetkazilgan zararni qoplaşdan taşqari alohida tovon puli tölaş majburiyatini ham yuklaşi mumkin.
Şuningdek, qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik töğrisidagi kodekslarga, “Yonğin xavfsizligi töğrisida”gi hamda “Suğurta faoliyati töğrisida”gi qonunlarga qöşimça va özgartirişlar kiritilgan.
Tovon pulining eng yuqori miqdori jabrlanuvçining holatiga qarab quyidagiça belgilangan:
- jabrlanuvçi vafot etgan taqdirda – BHMning 3000 baravarigaça (1 milliard 320 million sömgaça);
- jabrlanuvçi I guruh nogironi bölib qolgan taqdirda – BHMning 1500 baravarigaça (660 million sömgaça);
- jabrlanuvçining soğliğiga boşqaça tarzda şikast yetkazilganda – BHMning 600 baravarigaça (264 million sömgaça).
Şu bilan birga, yonğin oqibatida inson hayoti va soğliğiga yetkazilgan zararning örni davlat foydasiga undiriladigan moliyaviy sanksiyalar va jarimalardan oldin, birinçi navbatda qoplanadi.
Qonunga muvofiq, bozorlar, savdo komplekslari hamda savdo-köngiloçar markazlari mulkdorlari yonğin sodir bölişi oqibatida uçinçi şaxslarning hayoti va soğliğiga zarar yetkazilganlik uçun öz fuqarolik javobgarligini suğurtalaşi, uşbu ob’ektlarni yonğindan majburiy suğurta qilişi şart.
Mazkur majburiyatni bajarmagan mansabdor şaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigaça, ya’ni 22 million sömdan 33 million sömgaça jarima solinadi. Agar huquqbuzarlik bir yil içida takroran sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 100 baravarigaça, ya’ni 44 million sömgaça yetadi.
Qonunga köra, şaharsozlik faoliyatida ruxsat beriş tartiblariga qonunga xilof ravişda aralaşiş, ya’ni ob’ektlarni loyihalaştiriş, quriş yoki foydalanişga qabul qiliş jarayonida vakolatli organlar va xulosa beruvçi şaxslarga mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda bosim ötkaziş uçun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etildi.
Bunday holatlar uçun dastlab Ma’muriy javobgarlik töğrisidagi kodeksning 99-1-moddasiga muvofiq, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigaça jarima yoki 15 sutkagaça ma’muriy qamoq jazosi qöllaniladi.
Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo qöllanilganidan keyin takroran sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 229-7-moddasiga muvofiq, 2 yilgaça ozodlikdan mahrum qiliş jazosi belgilangan.
Unga köra, mustaqil akkreditatsiyadan ötgan taşkilotlar tomonidan ob’ektlarda yonğin auditi ötkaziladi. Audit natijasida ijobiy xulosa olingan ob’ektlarda davlat yonğin nazorati organlari tomonidan bir yil davomida rejali tekşiruvlar ötkazilmaydi.
Eslatib ötamiz, avvalroq Özbekistonda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan aholiga yetkazilgan zararni baholaş va qoplaş mexanizmi belgilangan edi.
Live
BarchasiOzon teshigi rekord darajada kengaydi
06 Noyabr