Litvada yuk samolyoti turarjoy binosi ustiga qulab tushdi
Olam
−
25 noyabr
3520Litva poytaxti Vilnyus shahrida yuk tashuvchi samolyot ikki qavatli turarjoy binosi ustiga qulab tushdi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana biri shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda “Delfi” xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot DHL kompaniyasiga tegishli. Uning bortida to‘rt kishi – ikki nafar uchuvchi va ikki yo‘lovchi bo‘lgan. Voqea mahalliy vaqt bilan soat 5:31 da yuz bergan. Hodisa sabablari hali aniqlanmagan. Ma’lum qilinishicha, kamida bir uchuvchi omon qolgan, u kabinadan chiqarilib, tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
LRT telekanali ma’lumotiga ko‘ra, samolyot Leypsigdan uchgan va Vilnyus aeroporti yaqinida qulagan. Biroq hodisa aeroport faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmagan. Samolyotda qanday yuk bo‘lgani hozircha noma’lum.
“Mazkur hodisa bo‘yicha tergov ishlari olib borilmoqda, voqea tafsilotlari yaqin orada aniqlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sochidan uchgan Sukhoi Superjet 100 samolyoti Turkiyaning Antaliya shahri aeroportiga qo‘ngach, yonib ketgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi