Boltiqbo‘yi davlatlarida 550 mingdan ortiq aholi elektrsiz qoldi
Olam
−
23 avgust 965 2 daqiqa
Latviya, Litva va Estoniyada kuzatilgan kuchli siklon oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, yuz minglab aholi elektr ta’minotisiz qoldi. Bu haqda “Associated Press“ xabar berdi.
Qayd etilishicha, bo‘ron kecha, 22 avgust kuni boshlanib, bugun, 23 avgustga o‘tar kechasi ham davom etgan. Latviyaning Yelgava shahrida bino qismi qulab tushishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Litvada esa bir fuqaro qulagan daraxt ostida qolib, hayotdan ko‘z yumgan.
Latviyada 250 mingdan ortiq, Litvada esa 200 mingdan ziyod aholi elektr energiyasiz qolgan. Mobil aloqa, temiryo‘l va jamoat transporti harakatida ham uzilishlar kuzatilgan.
Latviya poytaxti Riga shahrida shamol tezligi soatiga 108 kilometrdan oshgan. Kuchli yog‘ingarchilik sabab ayrim hududlarda bir kun ichida oylik yog‘in me’yorining yarmiga teng yomg‘ir yog‘gan.
Estoniyaning g‘arbiy va shimoliy hududlari ham bo‘rondan jiddiy zarar ko‘rgan. Orollarga qatnovchi paromlar harakati to‘xtatilgan, qo‘shni davlatlardan kelayotgan poyezdlar kechikkan.
Shuningdek, bo‘ron Polshaning shimoli-sharqiy qismiga ham ta’sir ko‘rsatib, 100 mingdan ortiq iste’molchini elektr energiyasiz qoldirgan.
Mutaxassislar hozircha iqlim o‘zgarishining ushbu tabiiy ofatdagi rolini aniq baholash qiyinligini bildirgan. Biroq ular global iqlim o‘zgarishi yog‘ingarchilikning kuchayishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.
Latviya meteorologlari esa bu bo‘ronni mamlakatda 2005 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli tabiiy hodisalardan biri deb baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada kuzatilgan kuchli momaqaldiroq va bo‘ronlar oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lib, o‘n minglab xonadonlar elektr ta’minotisiz qolgandi.
Live
Barchasi