Litva Tixanovskayaning idorasiga diplomatik maqom berdi
Olam
−
05 iyul 2021
4467O‘tgan yilning avgustidan buyon Litvada bo‘lib turgan Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning idorasi rasmiy diplomatik maqomni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Boltiqbo‘yi Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis ma’lum qildi.
“Belarus demokratik vakolatxonasi Litvada rasmiy ravishda akkreditatsiyadan o‘tdi”, degan u.
Vazirning ta’kidlashicha, Tixanovskaya ofisining iltimosiga binoan unga rasmiy maqom berilgan. Qayd etilishicha, Tashqi ishlar vazirligidagi brifingda Landsbergis Tixanovskayaga akkreditatsiya to‘g‘risidagi yozuvni topshirgan.
“Demokratik vakolatxona o‘z davlatida amalga oshirilgunga qadar Litvada qolishi va ishlashi mumkin bo‘ladi”, degan vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Litva hukumatining “Belarus xalqi va Tixanovskayani qo‘llab-quvvatlash” siyosatining davomidir.
Avvalroq, Tixanovskaya AQSH Kongressida onlayn formatda chiqish qilgani haqida xabar bergandik. U nutqi chog‘ida “Belaruskaliya” va Mozir neftni qayta ishlash zavodlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashni talab qilgandi.
Bungacha, Svetlana Tixanovskaya Chexiya parlamenti Senatida Belarus rahbari sifatida qabul qilingandi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi vaqtlarda Belarusda ichki siyosiy muvozanat buzilgan. Buning ildizi 2020 yilning avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlariga borib taqaladi. Saylov natijalariga ko‘ra, 80 foiz ovoz bilan Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko g‘alaba qildi. Biroq ushbu natijalar aholining katta qismida shubha uyg‘otdi va muxolifatning chaqiruvi bilan mamlakatda namoyishlar boshlandi.
Bir necha oy davom etgan miting va marshlar hech qanday foyda keltirmadi. Lukashenko hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Muxolifat hamda uning ko‘plab tarafdorlari esa Polsha, Litva kabi Yevropa davlatlariga qochib ketdi va u yerdan siyosiy boshpana topdi.
LiveBarchasi