Litva Rossiya chegarasida nemis qo‘shinlari uchun baza qurishni boshladi

Olam

image

Litva 2027 yil oxirigacha mamlakat hududida Germaniya Qurolli kuchlarining 4000 askarini joylashtiradigan harbiy baza qurishni boshladi. Germaniya qo‘shinlari Ikkinchi jahon urushidan keyin ilk bor muqim tarzda boshqa mamlakat hududida joylashadi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

Litva armiyasi bosh qo‘mondoni Raymundas Vaykshnorasning hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin uch yilda bazani rivojlantirish uchun 1 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflanadi. Uning qayd etishicha, bu mamlakat tarixidagi eng yirik loyihalardan biri bo‘ladi. Rudninkay qishlog‘i yaqinida qurilayotgan baza hududida o‘q otish poligonlari, tanklar uchun angarlar va boshqa jihozlar quriladi.

Harbiy shaharchaning maydoni 170 gektarni tashkil qiladi. Yana 1000 ga yaqin nemis askari va fuqarolik pudratchilari Litvaning boshqa ob’ektlariga yuboriladi.

“Bundesver brigadasi aholimizni tinchlantirish va ruslarni to‘xtatish vositasi sifatida ishlaydi”, deydi Vaykshnoras.

Germaniya hukumati parlamentdan 105 dona Leopard 2 A8 tankiga buyurtma berish uchun 2,93 milliard yevro so‘ragan, ularning bir qismi Rudninkaydagi bazaga joylashtirilishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 8 aprel kuni Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Litvaga tantanali ravishda 20 nafar nemis askarini jo‘natgan. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov nemis armiyasi askarlarining Litvaga yuborilishini Rossiya chegaralari yaqinida “xavf o‘chog‘i” yaratish deb atadi va Kreml bunga salbiy munosabatda bo‘lishini va chegaralarni himoya qilish uchun “maxsus choralar” ko‘rishini qo‘shimcha qildi.

2024 yilda Litva o‘zining mudofaa xarajatlarini YAIMning rekord darajadagi 3 foizga yoki 2,3 milliard yevroga ko‘paytirdi.

Shuningdek, Bosh vazir Ingrida Shimonite hukumati mudofaa xarajatlarini qoplash uchun soliqlarni ham oshirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Litva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing